DSQ qarorining ilovasiga koʻra, Yuridik shaxslarni yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Shunday qilib:
-quyidagilar yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritiladi:
aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va aksiz toʻlanadigan xizmat koʻrsatuvchi korxonalar bundan alkogol va pivo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mustasno. Tegishli qoʻshimcha a kichik bandiga kiritilgan. Ilgari, istisnolar boʻlmagan;
tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari, tovar-xom ashyo, fond va valyuta birjalari. Qoʻshimcha b kichik bandiga kiritilgan. Sugʻurta tashkilotlari yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kirmagan;
“Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari AJ” hamda ularning taʼsischiligidagi tashkilotlar. Eski tahrirda, yirik soliq toʻlovchilar toifasiga yuqorida koʻrsatilgan tashkilotlar hamda ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar ham kirgan;
mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan olingan sof tushumi oʻtgan kalendar yil yakuni boʻyicha BHM 735 ming baravaridan yuqori boʻlgan yoki ketma-ket keladigan oʻn ikki oylik davr yakuni boʻyicha ushbu miqdordan oshgan hamda xodimlar soni oʻrtacha yillik 10 nafardan kam boʻlmagan yuridik shaxslar, chet el yuridik shaxslarining Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasalari (boʻlinmalari), bundan paxta-toʻqimachilik klasterlari, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar mustasno. Qoʻshimcha d kichik bandiga kiritilgan;
— yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar kalendar yil yakuni bilan mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan mezonlarga javob bermasa, ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektlar navbatdagi uch yil mobaynida yirik soliq toʻlovchilar toifasida qoladi, bundan mazkur mezonlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan holatlar mustasno.
Ilgari, istisnolar boʻlmagan;
- mazkur Nizom talablari tatbiq etiladigan yirik soliq toʻlovchilar roʻyxati har yili keyingi soliq davri boshlangunga qadar uch oydan kechikmay Soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi. Ilgari ushbu muddat bir oyni tashkil etardi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2024-yil 2-iyuldan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma” portali.