Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda “Yoʻl harakatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kundagi yoʻllarning holati oʻsib borayotgan transport vositalarining tirbandliklarsiz harakatlanishini taʼminlashga javob bermaydi. Yoʻl harakati ishtirokchilari boʻlgan transport vositalari yoʻlovchilari, piyoda va velosiped xaydovchilar uchun yoʻl harakatini tashkil etish toʻgʻri va tizimli yoʻlga qoʻyilmagan.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida:
🔹 Yoʻl harakatini tashkil etishning asosiy prinsiplari;
🔹 yoʻl harakatini tashkil etish sohasidagi davlat boshqaruvi;
🔹 avtomobil yoʻli egasining huquq va majburiyatlari;
🔹 yoʻl harakatini tashkil etishga qoʻyiladigan umumiy talablar;
🔹 yoʻl harakati monitoringini olib borish;
🔹 yoʻl harakatini tashkil etish samaradorligini taʼminlash;
🔹 toʻxtab turish joylariga qoʻyiladigan talablar;
🔹 kapital qurilish obyektlarida yoʻl harakatini tashkil etish tartibi;
🔹 yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki;
🔹 yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha hujjatlarga qoʻyiladigan umumiy talablar;
🔹 yoʻl harakatini tashkil etishning loyihalarini ishlab chiqish tartibi;
🔹 yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;
🔹 transport vositalarini boshqarishga toʻsqinlik qiluvchi kasalliklar roʻyxati belgilanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha Davlat boshqaruvi va vakolatli organlar oʻrtasida samarali hamkorlik qilish tizimlarini yaratish, yoʻl harakatini tashkil etish sohasidagi faoliyatning tizimli va kompleks boshqarilishi natijasida yoʻl harakatini tashkil etish samaradorligini oshirish hamda takomillashtirish, yoʻl harakati xavfsizligi yuqori darajaga koʻtarishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.