Qaror bilan Oʻzbekiston hududida yoʻl harakati qoidalarini buzgan xorijiy avtotransport vositalari haydovchilari yoki boshqa shaxslardan tegishli jarimalarni ushbu transport vositalarini respublika hududidan olib chiqib ketilayotganda bojxona organlari tomonidan undirish mexanizmi joriy etildi va undirish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Mazkur qoida xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning, xorijiy rasmiy delegatsiyalar avtotransport vositalariga tatbiq etilmaydi.
Nizomga koʻra, tegishli jarimalar bojxona organlari tomonidan ichki ishlar organlari onlayn rejimda taqdim etgan maʼlumotlar asosida undiriladi.
Jarima summasi chegara bojxona postidagi bank kassalari yoki elektron toʻlov tizimlari yoxud oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish terminallari orqali toʻlanadi.
Jarima summasi toʻlanmagan taqdirda avtotransport vositasi dalolatnoma asosida 60 kunga qadar vaqtincha saqlovga olinadi.
Jarima summasi 60 kun ichida toʻlanmasa, qarzdorlik summasi majburiy ijro va sud organlari bilan hamkorlikda transport vositasi hisobidan undirish choralari koʻriladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.