Toshkent shahri Chilonzor tumani mahallalaridagi ichki yoʻllarning keyingi yillardagi ahvoli haqida berilgan maʼlumotda bunga yana bir bor ishonch hosil qilish mumkin.
Chilonzor tumani hokimining uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish va obodonlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Kamol Hamroyevning jurnalistlar bilan muloqotda aytishicha, keyingi yillarda mahallalarning ichki koʻchalarini asfaltlash ishlari jadal boshlab yuborilgan.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-fevraldagi “Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu yoʻnalishdagi ishlarni yana-da kengaytirish, sohaga yondashuvni tubdan oʻzgartirishga asos boʻldi. Chilonzorda ham koʻp yillardan buyon aholi eʼtirozlariga sabab boʻlib kelayotgan ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlari ana shu farmon asosida boshlangan.

Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilda tumanda 120,4 ming kvadrat metr yoʻl taʼmirlangan. Rejada esa 120,8 ming kvadrat metr boʻlgan. Hokim oʻrinbosari yil yakuniga qadar qulay ob-havo boʻlishi bilan ishlar yana davom etishini aytdi.
Joriy yilning 1-2-choragida tumandagi 13 ta mahalladagi ichki koʻchalarning 28 ming 835 metr kvadrati asfalt qilingan. Uchinchi chorakda bu koʻrsatkich 16 mahallada 33 ming 773 metr kvadratga yetgan. Aslida asfalt yotqizish kattagina mablagʻ talab qiladi. Bu ishlar tuman mahalliy byudjeti hisobidan amalga oshirilgan.
Hokim oʻrinbosaridan Prezidentimizning joriy yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida koʻzda tutilgan, piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yoʻlaklari”ni tashkil etishga doir rejalar bilan ham qiziqdik.
Shu kunlarda tumandagi Qatortol va Al-Xorazmiy koʻchalarida “Namunaviy koʻcha” loyihasi asosida qurilish-obodonlashtirish ishlari boshlangani aytildi. Al-Xorazmiy koʻchasining 3 kilometrli qismini aholi dam oladigan sayilgoh koʻchaga aylantirish rejalashtirilgan boʻlib, yaqinda foydalanishga topshiriladi. Bu yerda sayr qilish, sport bilan shugʻullanish uchun keksalar, yoshlar va jamoaga alohida-alohida moʻljallangan joylar boʻladi.
Ichki yoʻllar ahvoli bilan tanishish maqsadida mahallalarda ham boʻldik. Manzara koʻz oldingizda namoyon: bir vaqtlar yomgʻir yogʻishi bilan koʻlmaklar hosil boʻlib, loygarchilik boshlangan koʻchalar bugun tekis, ravon va ozoda.
“Sharaf” MFY yigʻini raisining obodonlashtirish va tomorqa masalalari boʻyicha oʻrinbosari Shohida Xayrullayevaning aytishicha, hududdagi ichki yoʻllarning qariyb barchasi yangilangan. Joriy yilning oʻzida 2,6 ming metr kvadrat yoʻllarga asfalt, beton qoplamalar yotqizilgan, 6 ta zamonaviy bolalar oʻyin maydonchasi qurilgan.
Koʻp qavatli uylarga boshlovchi ikkita ichki yoʻl hozircha taʼmirga muhtoj.
– Pandemiya sabab shu yoʻllar taʼmirlanmay qoldi, – dedi Sh.Xayrullayeva. – Lekin keyingi yil rejasiga kiritilgan, albatta taʼmirlanadi. Bundan tashqari, aholining sport bilan shugʻullanishiga sharoit yaratish ishlariga mahallamiz tadbirkorlarini ham jalb qilyapmiz. Yaqinda bir tadbirkorimiz bilan kelishuv asosida boʻsh turgan joyni unga beradigan boʻlib turibmiz. Ikki qavatli inshoot quradi. Birinchi qavat sport zali boʻladi. Trenajyorlar oʻrnatiladi. Bu yerda mahalla ahli, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar bepul shugʻullanadi. Ikkinchi qavatda tadbirkor oʻz biznesini yoʻlga qoʻyadi. Bu ham aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga, ham yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.
U.ASROROV, M.ABDULLAYEV (foto),
“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari