Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi hamda “Zarafshon Innovatsion Texnika Avto Maktabi“ning yetakchi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Dastlab davra suhbatida “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan avtosaroylarda harakat xavfsizligini taʼminlash va YTHlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan maʼlumotlar berildi.

Xususan, aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi boshqarma va korxonalarda haydovchilar uchun yaratilgan sharoitlar, maishiy turmush tarzi va ularga tibbiy xizmat koʻrsatishga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat yoʻlga qoʻyilgan.

Ishga yangi qabul qilingan yoki ishga qayta qabul qilingan haydovchi va mexanizatorlar uchun amaliyot mashgʻulotlari oʻtkazilib boriladi.

Bundan tashqari, haydovchilar tomonidan yoʻl harakati qoidalari va yoʻl harakati xavfsizligi asoslarini buzish holatlarini aniqlash maqsadida muntazam reydlar tashkil etiladi.

Davra suhbatida Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, fuqarolar hayoti va salomatligini muhofaza qilish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining ogʻir oqibatlarini oldini olish hamda bartaraf etish boʻyicha maʼruza qilindi.

Shundan soʻng, mutaxassis va xodimlar oʻrtasida “Oʻzbekneftgaz” AJning avtotransport vositalaridan murakkab yoʻl sharoitlarida foydalanishda yuzaga keladigan muammolar va ularning yechimlari toʻgʻrisidagi masalalar muhokama qilindi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati.