“Yoʻllarni asfaltlashtirish” uchun Sizga “ovoz yigʻib beraman” deya fuqaroni chuv tushirgan firibgar qoʻlga olindi

    Qashqadaryo viloyatida yashovchi 33 yoshli M.B. IIOga ariza bilan murojaat qilib, 9,5 mln. soʻm pullari nomaʼlum shaxs tomonidan firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi Sh.S. sodir etganligi aniqlandi.

    Unga koʻra, gumonlanuvchi Sh.S. jabrlanuvchi M.B. bilan telegram messenjerida reklamalar orqali tanishgan va M.B.ga “Open Budget” loyihasi doirasida qishlogʻining ichki yoʻllarini asfaltlashtirish uchun unga ovoz toʻplab berishini vaʼda qilib, evaziga 9,5 mln. soʻm pullarni oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank plastik kartasiga oʻtkazib olgan, lekin hech qanday ovoz toʻplab bermagan, M.B.ning qoʻngʻiroqlariga javob bermasdan uni qora roʻyxatga kirgazib qoʻyganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan Sh.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 1-yildan 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.