Agentlik tomonidan poytaxt metropoliteni yoʻlovchilarining huquqlarini himoya qilish maqsadida olib borilgan ishlar natijalariga koʻra, isteʼmolchilarga bevosita metropolitenda yoʻlovchilarni tashish bilan bogʻliq munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi normativ hujjatlar (Oʻzbekiston Respublikasi “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi Qonunidan tashqari) amalda mavjud emasligi maʼlum boʻldi.

Holbuki, mamlakatimizda temir yoʻl, havo hamda avtomobil transportlarida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qatʼiy qonun bilan aniq tartibga solingan. Agentlik, shuningdek, Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina va boshqa mamlakatlarning metropolitendan foydalanish va eskalatorda oʻzini tutish qoidalari, yoʻlovchilar xavfsizligi, bagaj va qoʻl yuklarini tashish hamda ularni saqlash tartibi, tijorat obyektlari va reklamalarni joylashtirish tartiblari boʻyicha tajribalarini oʻrgandi.Bunday hujjatlar isteʼmolchilar uchun ochiq manbalarda berilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligiga isteʼmolchilar huquqlari va xavfsizligini toʻlaqonli taʼminlash maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha takliflar taqdim etildi.

  1. Yoʻlovchilarning hayoti, sogʻligi va xavfsizligini taʼminlash nuqtayi nazardan metropolitenda yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaji tashish qoidalarini ishlab chiqish hamda normativ-huquqiy hujjat shaklida tasdiqlash hamda unda quyidagilar: yoʻlovchi va tashuvchining huquq va majburiyatlari, avariya va texnik nosozliklar yuzaga kelganda amalga oshirilishi lozim boʻlgan harakatlar (batafsil yoritgan holda), avariya va texnik nosozlik sababli xizmat koʻrsatish toʻxtatilganda yoʻlovchiga yetkazilgan zararlarni (shu jumladan toʻlangan pullarni) qoplab berishning aniq tartibi va mexanizmlari; yoʻlovchi-isteʼmolchilar bilan pullik hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi; metropolitenda yoʻlovchi xavfsizligini taʼminlashning davlat kafolatlarini nazarda tutish zarur.
  2. Moddiy-texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, metropoliten xizmatlarining sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda koʻrsatilishini hamda yoʻlovchilar hayoti, sogʻligʻi, atrof-muhit uchun xavfsiz boʻlishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishi imkoniyatlarini taʼminlash.
  3. Aholining axborot xabardorligini yana-da oshirish, xizmat koʻrsatish qoidalarini tushunarli (videografikli, animatsiyali) tarzda yoʻlovchilarga yetkazish, shu jumladan bekat va vagonlardagi monitorlarda muntazam ravishda berib borish.

Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart, shuningdek, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Shunga koʻra, ijrochi (tashuvchi)ning aybi bilan yoʻlovchi belgilangan manzilga yetkazib qoʻyish taʼminlanmagan taqdirda ijrochi yoʻlovchini belgilangan boshqa transport vositasi orqali belgilangan manzilga yetkazib qoʻyish yoki yoʻlovchi tomonidan toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarish choralarini koʻrishi shart.