Kecha, 2-aprel kuni Toshkent shahrida kuchli yomgʻir yogʻishi oqibatida turli suv toshqinlari yuzaga keldi.

 Poytaxtda bir necha soat ichida oylik yogʻinning uchdan biri yogʻgan. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasining 500 dan ortiq xodimlari va 100 dan ortiq maxsus texnikalari jalb etilib, 23:00 gacha barcha manzillardagi holatlar bartaraf etildi. 

Yakkasaroy tuman hokimligi matbuot xizmatining maʼlum qilinishicha, tumanning Bobur koʻchasida joylashgan 1963- yilda qurilgan 59-uyning 17-19-xonadonlari balkon qismi siljib tushdi.

Holat zudlik bilan Yakkasaroy tumani hokimligi, tuman FVB qutqaruvchilari va Toshkent shahar Hududiy uy-joy fondini nazorat qilish inspeksiyasi masʼullari tomonidan oʻrganildi.

Xonadon egalariga va uyning ichki qismiga hech qanday zarar yetmagan. Holat boʻyicha tegishli tashkilotlar tomonidan instrumental texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirildi.