O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 may kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan Adiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va o'tkazilgan majlisning ijrosiga asosan “Favqulodda holatlarda insoniylik jasorati va fidoyilik namunalarini ko'rsatgan zamonamiz qahramonlari obrazlari aks etgan asarlar uchun ijodiy tanlov” e'lon qilingan edi.
Tanlovga 28 nafar muallifning 62 ta asari kelib tushdi. Hakamlar hay'ati xulosasiga ko'ra, Rustam Musurmonning “Go'zal dunyo, tuzal, dunyo” she'rlar turkumi, Tursun Alining “Ko'l” hamda Anvar Tog'aevning “Sirdaryo sadosi” dostonlari, Sardor Hamroevning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashib, minglab bemorlar hayotini saqlab qolish uchun jasorat ko'rsatayotgan fidoyi shifokor va harbiy yurtdoshlarimizga bag'ishlangan “Yоnimizdagi farishtalar” dramasi tanlov g'olibi deb topildi.
Bugun O'zbekiston Yоzuvchilar uyushmasida tanlovning taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston xalq shoiri, Uyushma raisi Sirojiddin Sayyid ishtirok etib, g'oliblarni tabrikladi. Ularning har biriga “Ijod” jamoat fondi moliyaviy ko'magi asosida bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobari miqdorida pul mukofoti berildi.
Tanlovga kelib tushgan eng yaxshi asarlar jamlanib, to'plam holida nashr qilinadi.