Yonsei University vakillari bilan onlayn shaklidagi uchrashuv Xalqaro hamkorlik boʻyicha Koreya agentligi ofisi (KOICA) koʻmagida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtdi.
Koreya Respublikasi oʻzining xalqaro hamkorligining bugungi bosqichida hududiy jihatdan Oʻzbekiston Respublikasini ham oʻz ichiga oladigan “Shimoliy loyiha”ga katta eʼtibor qaratadi. Bu yerda asosiy ustuvor etib taʼlim va tibbiyot belgilangan.
Buni onlayn uchrashuv davomida Koreya Respublikasining nufuzli bilim yurtlari uchtaligi va dunyoning eng yaxshi TOP-100 tarkibiga kiradigan Yonse universiteti tibbiyot kollejining gumanitar va ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti Yun San Chxol va mazkur kollej pedagogi Li Ire ham taʼkidladi.
Hozirgi vaqtda Yonse universiteti tomonidan Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti bilan birgalikda qoʻshma loyihani amalga oshirish boshlangan. Koreya universiteti vakillari loyihaning 4 yilga moʻljallangani, shuningdek Oʻzbekiston Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi koʻmagi koʻzda tutilgan rejaning katta samarali va natijadorligini qoʻlga kiritishga yordam berishini taʼkidladi.
Uchrashuvda Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash tizimining zamonaviy uslublari Oʻzbekistonning hududiy tibbiyoti darajasiga katta ijobiy taʼsir etishi, xususan, eng dolzarb mavzulardagi vebinarlar mamlakat viloyatlari shifokorlari orasida juda talabgor ekanligi taʼkidlandi.
Onlayn shakldagi uchrashuv sogʻliqni saqlash tizimining deyarli barcha manfaatdor mutaxassislariga oʻzlarining kasbiy darajasini oshirish, xalqaro ekspertlar bilan suhbatlashish va oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkonini beradi.
Muzokaralar davomida hamshiralik taʼlimiga innovatsion yondashish mavzusi faol muhokama etildi. Koreya modeli asosida bu sohada oʻrta tibbiyot xodimlarining roli va ahamiyatini, mutaxassislarining malakasini keskin oshirish mumkin. Mazkur masala muhokamasida Yonse universiteti Hamshiralar kollejining dotsentlari Kim San Xi va Choy Inken ishtirok etdilar.
Tomonlar hamshiralik taʼlimi innovatsion modeli boʻyicha ilk loyihani Oʻzbekiston kollejlarining biri bazasida amalga oshirish muhimligini taʼkidladi. Shuningdek, mazkur yoʻnalishni kelgusida ishlab chiqish boʻyicha kelishib oldilar.
Shuningdek, Milliy palata tomonidan muvofiqlashtirib turiladigan Klinik protokollarni ishlab chiqish sohasidagi birgalikda ishlash imkoniyatlari muhokama etildi. Har ikkala tomon mutaxassislari Klinik protokollarning puxta ishlab chiqilishi, ularning maksimal darajada amaliyligi va xalqaro standart talablariga mosligiga erishish aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishning asosi sanalishi haqida hamfikr boʻldilar.
Muzokaralar davomida Oʻzbekistonga sogʻliqni saqlash sohasida xalqaro akkreditatsiya boʻyicha organlarni jalb etish boʻyicha Milliy palata tajribasi eʼtirof etildi. Masalan, Milliy palata tashabbusi bilan Toshkentga tibbiyot muassasalarini ularning sifat va xavfsizligi borasida maʼlum standartlar boʻyicha akkreditatsiyadan oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi JCI (Joint Commission International) kompaniyasi vakillari kelgan.
JCI ekspertlari shifoxonalarga tashrifi natijasida akkreditatsiyaga tayyorgarlik koʻrishga tayyorgarlik boʻyicha muhim tavsiyalar berganlar. Bu esa ushbu jarayonga manfaatdor tibbiyot tashkilotlarining qiziqishini uygʻotdi.
Xalqaro akkreditatsiya va sertifikatsiyalashning muhimligini Yonse universiteti vakillari ham tasdiqladi. Ular mazkur universitetdagi tibbiyot klinikasi ham xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtganligini, hamda zamonaviy tibbiyotdagi ushbu muhim tajriba bilan oʻrtoqlashishga tayyor ekanligini gʻurur bilan taʼkidladi.
Koreyalik hamkorlar Milliy palataning innovatsion yondashuviga katta qiziqishi borligini, hamda oldinda turgan hamkorlik yoʻnalishlarini batafsil ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.