баннер
21 Apr 2025
20:08

    Yoqilg'i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori.

    Mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazish davrida aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:

    I. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora- tadbirlari

    1. Belgilansinki, 2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga (keyingi o‘rinlarda – Reyestrlar) kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:

    (a) elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha;

    (b) tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.

    2. 2025/2026 yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratilsin:

    (a) Reyestrlarga kiritilgan oilalarga;

    (b) “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga. Bunda:

    (v) “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat oilalar, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi;

    (g) qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni Reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.

    3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda 2025 yil 1 oktyabrga qadar “mahalla yettiliklari” tomonidan respublika bo‘yicha har bir mahalla kesimida qo‘shimcha ro‘yxatlar shakllantirilishini ta’minlasin. Bunda hokimliklar tegishli tuman (shahar) bo‘yicha Reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmagan holda ehtiyojmand oilalar soniga mahallalar kesimida o‘zgartirish kiritishi mumkin.

    II. Moliyaviy resurslar

    4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qaror bilan belgilanayotgan moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlarini hamda ushbu to‘lovlar bo‘yicha AT “Xalq banki” xizmatiga haq to‘lash xarajatlarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zarur mablag‘larni ajratsin.

    III. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

    5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu qarorga muvofiq qo‘shimcha ro‘yxatlarni shakllantirish hamda kompensatsiya va moddiy yordam to‘lovlarini to‘lash tartibini tasdiqlasin. Bunda tuman (shahar) hokimliklari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) bo‘limlari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda “mahalla yettiligi”ning vazifalari aniq belgilansin.

    6. Ijtimoiy himoya milliy agentligi:

    (a) elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari

    o‘z vaqtida to‘lanishini;

    (b) AT “Xalq banki” bilan birgalikda joriy yil noyabr oyida

    bir martalik moddiy yordam to‘lanishini;

    (v) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalar ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini tashkil qilsin.

    7. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Energetika vazirligi bir hafta muddatda aholi tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali energiya resurslarini iqtisod qilishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    8. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi (K.Kuranbayev), Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M.Olloyorov)ning:

    (a) kambag‘al oilalar va ehtiyojmand aholini qo‘shimcha

    qo‘llab-quvvatlash choralari bilan to‘liq qamrab olish

    maqsadida mahallalarda manzilli targ‘ibot ishlarini kuchaytirish;

    (b) aholiga moddiy yordam ajratishda mahalla raislari tomonidan shaffoflik va adolatlilik ta’minlanishini kafolatlashi

    va shaxsiy javobgarligi belgilansin.

    9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bir martalik moddiy yordamni to‘lash bo‘yicha qo‘shimcha ro‘yxatlarning to‘g‘ri shakllantirilishiga hamda to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishiga shaxsan javobgar etib belgilansin.

    10. Bosh prokuratura (I.Adxamov) ushbu qarorga muvofiq ajratiladigan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

    11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P.Olloyorov belgilansin.

    12. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2025 yil 2 aprel

    Telegram kanalimiz
    Text to speech