Qayd etilishicha, Energetika vazirligi hamda “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan har bir hududdagi eng yaqin yoqilgʻi quyish, avtomobilni siqilgan yoki suyultirilgan gaz bilan toʻldirish va elektromobillar uchun quvvatlantirish shoxobchalarini topish, narxlarni taqqoslash, borar manzili hamda vaqtini aniq rejalashtirish imkonini beruvchi “Avto24” mobil ilovasi test sinovida ishga tushirildi.
“Avto24” ilovasi avtomobil egalariga hududlardagi barcha yoqilgʻi hamda quvvatlash shoxobchalarini bitta xaritada tezda topish, real vaqt rejimida hozirgi vaqtda mavjud yoqilgʻining narxi, zaxirasi va qulayliklari haqida aniq maʼlumotga ega boʻlish, elektromobil egalari uchun maxsus quvvatlash punktlarining lokatsiyalarini aniqlashda yordam beradi.
Shuningdek, isteʼmolchilar ilova orqali oʻzlariga maʼqul manzilning reytingini koʻtarish, yoqilgʻi sifati hamda narxi haqida sharh qoldirishlari ham mumkin boʻladi. Mobil ilova dasturi esa avtomatlashtirilgan holda yangilab boriladi.