Farg'ona shahridagi “Lolazor” mahalla fuqarolar yig'inida umrguzaronlik qilayotgan Shavkatjon Ro'zimatovni mahalla faollari yo'qladi. Bu bejiz emas. Oila ijtimoiy himoyaga muhtoj.  Bir xonali  uyda ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan yashaydi. Bir nafar farzandining yuragi xasta. Kichik jarrohlik amaliyoti o'tash uchun moddiy ko'mak kerak. Oilaning bu boradagi qilgan murojaatiga ijobiy yechim topildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg'ona shahar bo'linmasi qoshidagi “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi hisobidan jarroxlik amaliyoti uchun 8 000 000 so'm mablag' ajratildi.

“Nafosat” MFYda istiqomat qilayotgan Dilshoda Saidahmedova keksa onasini davolashga amaliy yordam so'rab murojaat qildi. Ishsiz, to'rt nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Uning iltimosi ham qanoatlantirildi. Davolash uchun kerakli mablag' ajratib berildi.

— Mehr-saxovtaga to'la amallardan ijtimoiy himoyaga muhtoj ko'plab kishilar bahraman bo'lmoqda, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg'ona shahar bo'linmasi raisi Abuhalil Mullajonov. —  Shu kunga qadar davolanish uchun amaliy yordam so'rab murojaat  qilgan 51 nafar fuqaroga amaliy yordam berildi. Bu maqsadlar uchun 235  mln.  619,6 ming so'm moddiy yordam ko'rsatildi.  229 nafar ijtimoy ahvoli og'ir fuqaroga 115 mln.  so'mdan ortiq naqd pul shaklida bir martalik moddiy yordam ajratildi. Shuningdek, yakka-yolg'iz, kam ta'minlangan oilalarni ijtimoy qo'llab-quvvatlash maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilyapti.

  “Mahalla” xayriya jamoat fondi

Farg'ona viloyat boshqaruvi matbuot xizmati