Mazkur bahor ayyomi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham tan olingan. 2009-yil 30- sentyabrda UNESCO tomonidan Navro'z bayrami insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan. 2010- yil 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi 64-sessiyasida 21- martni “Xalqaro Navro'z kuni” sifatida nishonlash to'g'risida qaror qabul qilindi. Navro'z bayrami xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu tariqa Navro'z biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining ajralmas qismiga aylandi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik islohotlar jamiyat hayoti, insonlar qalbi va ongida ham yangilanish va taraqqiyotga daxldorlik hissini uyg'otmoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning 17- fevralida “2022- yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.

Yurtimizda “Assalom, Navro'z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” shiori ostida bayram tantanalari davom etmoqda.

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Har kuningiz bo'lsin Navro'z!” shiori ostida bo'lib o'tgan Navro'z bayram sayli ustoz-murabbiylar va talabalar ko'ngliga bahoriy  iliqlik, ayyom shukuhini olib kirdi.

Yurtimiz ko'p millatli, turli dinlar vakillari yashaydigan bag'rikeng diyor sanaladi. ezgulik va bunyodkorlik qadriyatlarini targ'ib etuvchi Navro'z bayrami yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat vakillarining ham e'tiborida bo'ldi.

O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan Navro'z bayrami tantanalariga tashrif buyurgan mehmonlarga Navro'z bayramining tarixi, uning boy ma'naviy-ma'rifiy ahamiyati haqida ma'lumot berildi. Doshqozonlarda qaynayotgan sumalak, bayramona muhit, “Sumalak party” mehmonlarda katta taassurot uyg'otdi.

Shodiyonada O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Davronbek Maxsudov, yurtimizdagi diniy konfessiya vakillari, xususan, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O'zbekiston eparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy Morar, Rim katolik cherkovi rahbari, episkop Eji Masulevich, Milliy madaniy markaz vakillari, Akademiya professor-o'qituvchilari, xodimlar, Akademik litsey, “Ziyo-zukko” umumta'lim maktabi o'qituvchi-o'quvchilari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Malaka oshirish markazi xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Bayram saylini O'zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo'yicha maslahatchisi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik nutqi bilan ochib berdi. Akademiya rektori barchani yana bir bor uyg'onish va yangilanish ayyomi Navro'z bilan tabriklab, bu bayram qut-baraka elchisi ekanligi, o'zining barhayotligi, umuminsoniy g'oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o'rin egallayotganini ta'kidladi.

Marosim davomida yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillarining Navro'zni nishonlashga oid urf-odatlari, an'ana va qadriyatlarni aks ettirgan sahna ko'rinishlari, she'riy-musiqiy chiqishlar namoyish etildi.

Navro'z umumxalq bayrami munosabati bilan Toshkent shahridagi diniy ta'lim muassasalari (Toshkent islom instituti va “Ko'kaldosh” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi) hamda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o'rtasida sportning mini futbol, arqon tortish va tosh ko'tarish turlari bo'yicha “Din ishlari bo'yicha qo'mita kubogi” sport musobaqalari ham o'tkazildi.

Mazkur sport o'yinlarida umumjamoa hisobida 1-o'rin O'zbekiston xalqaro islom akademiyasiga, 2-o'rin Toshkent islom institutiga hamda 3-o'rin “Ko'kaldosh” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasiga nasib etdi.

Musobaqa g'oliblariga Din ishlari bo'yicha qo'mitaning diplomlari va qimmatbaho sovg'alar taqdim etildi.

Bahoriy taomlar tanlovi, sumalak sayli, mazali osh tayyorlash musobaqalari o'tkazildi. SHuningdek, samarali ish faoliyati va mehnati bilan barchaga o'rnak bo'lgan Akademiyaning bir guruh o'qituvchi-xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi. Ayniqsa, milliy atlas va adras liboslari, turli millat xalq hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasi namoyishidagi rang-barang mahsulotlar jilosi ishtirokchilar qalbiga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi. 

Akademiya talabalari tomonidan Navro'z va milliy urf-odatlarga oid badiiy chiqishlar, yurtimiz turli viloyatlarining o'ziga xos urf-odatlari aks etgan sahna ko'rinishlari, respublika Milliy-madaniy markazlari ansambllarining badiiy chiqishlari bayram tadbiriga yanada fayz ulashdi. O'zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, xalqimizning suyukli san'atkorlari Abdulla Qurbonov, Gulasal Abdullaeva ijrosidagi kuy-qo'shiqlar barchaga manzur bo'ldi.

Sherzod MAHMUDOV,

jurnalist