Yosh bolani mashina yukxonasiga majburlab solib, odamlar orasida vahima uygʻotgan erkakka jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida qoʻrqitib qoʻyish maqsadida bolani mashina yukxonasiga solib harakatlangan erkakka jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, shu yilning 14-may kuni Qoʻqon shahar Obodyurt koʻchasida yashovchi voyaga yetmagan M.M. ushbu mahallada turar joyga ega boʻlgan qoʻshnisi M.A.ga tegishli uyning devor va oynasiga tosh otib sindirgan.

    Buni koʻrgan M.A. voyaga yetmagan shaxsni qoʻrqitib qoʻyish maqsadida oʻziga tegishli boʻlgan “Neksiya 2” rusumli avtomashinasining yukxonasiga solib avtomashinani harakatlantirgan paytda M.M.ning onasi V.T. koʻchaga chiqib, mashinani toʻxtatib, farzandini mashinadan tushirib olgan hamda oʻrtada oʻzaro janjal kelib chiqqan.

    Bosh prokuratura Qoʻqon shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (zoʻrlik ishlatib, gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.

    Gumon qilinuvchi protsessual tartibda ushlangan.