Joriy yil 24-iyun kuni Fargʻona viloyati Buvayda tumanida yoʻl chetiga toʻxtagan “Nexia” haydovchisi avtomobilni oʻchirmasdan, doʻkonga kirib ketgan. Shu vaqtda, oldingi oʻrindiqda qolgan 5 yoshli oʻgʻil oyna koʻtargich tugmasini bosib yuborgan. Oqibatda bolaning boshi qisilib qolgan. Hodisani koʻrib, tezkorlik bilan harakat qilib, avtomobil oynasini sindirib, bolani qutqarib qolgan YPX xodimi Azim Xalifayev taqdirlandi.
Shuningdek, xizmat faoliyatida namunali ish yuritib kelayotgan, oʻzining fidoyiligi, sadoqati va yuqori professionalligi bilan ajralib turgan bir guruh YPX xodimlari ragʻbatlantirildi.
«Ularning samarali faoliyati, oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni masʼuliyat bilan bajarayotgani, shuningdek, jamoada sogʻlom muhitni shakllantirishdagi hissasi eʼtirof etilib, minnatdorchilik bildirildi«, deyiladi xabarda.








