Joriy yilning 2-fevral kuni Vazirlar Mahkamasi “ “Yosh gvardiyachilar” bolalar va oʻsmirlar sport maktablari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 50-son qarorni qabul qildi.
Mazkur hujjat Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 24-yanvardagi PF-5924-son Farmoniga muvofiq qabul qilindi.
“Yosh gvardiyachilar” bolalar va oʻsmirlar sport maktablari ikkita sport maktablari negizida: Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi 2-son bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hamda Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumanidagi 1-son bolalar va oʻsmirlar sport maktabi filialida tashkil etilmoqda. Maktablar Milliy gvardiya tizimiga kiradi va yuqoridagi ikkita maktab uchun belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.
Sport maktablarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
• yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sogʻlom turmush tarziga targʻib etish va sport bilan muntazam ravishda shugʻullanishlarini tashkil etish;
• notiqlik va yetakchilik xislatlariga ega, jismonan rivojlangan, chidamli, mard va jasur Vatan himoyachilarini, shuningdek, Milliy gvardiya uchun kadrlar rezervini shakllantirish maqsadida respublikaning oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun munosib nomzodlarni tayyorlashda koʻmaklashish;
• oʻquvchi-sportchilar va trenerlar tarkibining professional mahoratini oshirish uchun xorijiy sport maktablari va klublari bilan tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish.
Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:
• sport maktablari faoliyati Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 23-sentyabrdagi 211-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
• sport maktabi direktorini lavozimga tayinlash Turizm va sport vazirligi bilan kelishilgan holda Milliy gvardiya tomonidan amalga oshiriladi;
• sport maktablari oʻquvchilarining mashgʻulot davriga xalaqit bermagan holda Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlariga sport maktablarining sport inshootlaridan foydalanishi uchun ruxsat beriladi.