O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi, yosh jurnalist Islom Asilbekov Qozog'iston Respublikasining Nursulton shahrida MDH davlatlari o'rtasida o'tkazilgan “Yilning eng yaxshi yosh olimi — 2021” xalqaro tanlovida 14 ta mamlakat ichida Jurnalistika yo'nalishida ishtirok etib, hakamlar xulosasiga ko'ra, birinchi o'ringa loyiq ko'rildi va oltin medal bilan taqdirlandi.
Islom Asilbekov O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasida faoliyat olib boradi. Shuningdek, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 3-bosqich talabasi hamda Toshkent shahar, Chilonzor tumani xalq ta'limi tasarrufidagi 179-umumta'lim maktabining Ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchisi lavozimida ishlaydi.
Bugungi kungacha 300 ga yaqin publitsistik maqola va badiiy hikoyalari tuman, viloyat, respublika Bosma OAVda yoritilgan, 10 ga yaqin ilmiy-taqriziy, tezisli maqolalari Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya kabi davlatlarning xalqaro jurnal, konferensiya-monografiya to'plamlarida chop etilgan.
Qozog'iston Respublikasida faoliyat olib borayotgan “Jahon iste'dodlari” uyushmasi va Qirg'iziston Respublikasining “Qirg'iz shoir-yozuvchilari” jamoat fondi a'zosi. Qozog'iston Respublikasining “Abay” nomidagi adabiy medali “Jahon iste'dodlari uyushmasi”ning (Qozog'iston) “Eleuli enbegi ushin” (“Muhim xizmatlari uchun”) medali sohibi.