Yosh matematiklarimiz xalqaro olimpiadada 3 ta medalga ega chiqdi

    Joriy yilning 5-13-iyul kunlari Yaponiyaning Chibo shahrida 64-Xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) boʼlib oʼtmoqda. Dunyoning 112 mamlakatidan kelgan jami 623 nafar maktab oʼquvchilari ishtirok etayotgan mazkur olimpiadada oʼzbekistonlik uch oʼquvchi bronza medalini qoʼlga kiritdi.

    Gʼoliblar:

    - Ozodbek Axtamov – Toshkent shahar, Al-Xorazmiy ixtisoslashtirilgan maktabi 9-sinf oʼquvchisi;

    - Anvarbek Rahmatov – Buxoro viloyati, Qorakoʼl tumani, Ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf oʼquvchisi;

    - Anvarbek Sadulloyev – Buxoro viloyati, Peshku tumani, 18-maktabning 11-sinf oʼquvchisi.

    Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Qaroriga muvofiq 3-oʼrin (bronza medal) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (66 million soʼm), ustoziga 150 baravar (49,5 million soʼm) pul mukofotlari beriladi.

    Maʼlumot oʼrnida: oʼzbekistonlik yoshlar 1997-yildan boshlab ishtirok eta boshlagan mazkur nufuzli musobaqada hozirga qadar 10 ta kumush va 32 ta bronza medallari qoʼlga kiritilgan.