Bugun tunda musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan yoshlarimiz diyorimizga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʻtgan tantanali kutib olish marosimida Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining oʻrinbosari Rahmon Xolmirzayev, federatsiyaning boshqa mutasaddilari, sportchilarimizning yaqinlari ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun, murabbiy Nurillo Togʻayev boshchiligida qatnashgan 4 nafar sportchimizning barchasi ushbu dunyo birinchiligida shohsupaga koʻtarildi. Diyorbek Ermatov, Abrorbek Maʼrufbekov, Qudratbek Salimjonov va Nigora Suvonovadan iborat jamoamiz 8 ta kumush va 2 ta bronza, jami 10 ta medalga sazovor boʻldi.
Endi sportchilarimiz kelasi oy poytaxtimizda oʻtadigan oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni davom ettiradi.