Yosh rejissyorlarning filmlari grant asosida suratga olinadi

    Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan bir qator hamkor tashkilotlar koʻmagida 3-7-may kunlari oʻtkazilayotgan “Yangi Oʻzbekiston. Yangi nigoh” media-haftaligi davom etmoqda.

    Maʼlumki, mamlakatimizda yosh isteʼdodlilarni qoʻllab-quvvatlash, ularning mahoratini yuzaga chiqarish yuzasidan koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur media-haftalikda ham yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Kechki dastur boʻyicha soat 18:00 da Kinematografiya agentligining yosh kinoijodkorlarini taqdirlash, pitching jarayonida tanlab olingan va “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ga bagʻishlangan yoshlar uchun filmlar yaratish boʻyicha grantlarni taqdim etish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Marosimda Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov hamda agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Oʻzbekiston xalq artisti Xayrulla Saʼdiyevlar soʻzga chiqishdi. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlab, kelgusi ishlariga katta muvaffaqiyatlar bildirildi.

    Bu yili ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan “Debyut” qisqa metrajli filmlar festivalida yosh rejissyorlarning filmlari grant asosida suratga olinadi. Unda 100 ga yaqin topshirilgan ssenariylardan 40 tasi saralab olingan va qayta ishlashga topshirilgan edi. Bugungi grantlarni taqdim etish marosimida ssenariylarni eng oxirgi variantlari qabul qilinib, 15 ta eng sara gʻoliblarga maxsus sertifikatlar taqdim etildi.

    Yosh kinorejissyor Mahliyo Asqaraliyevaning “Galdir” (“Lola, quyosh va men”) qisqa metrajli filmi premyera qilindi. Mazkur film agentlik buyurtmasiga binoan “Yoshlar ijodiy-tajriba studiyasi” DUK tomonidan suratga olingan.

    Ssenariy muallifi Husnullo Jomonqulov, gʻoya muallifi va postanovkachi rejissyor Mahliyo Asqaraliyeva, postanovkachi operatorlar Isteʼdod Usmonov, Sardor Anvarov liboslar boʻyicha rassom Feruza Gʻiyosova, kartina direktori Mahmudali Guseyinov.

    Kinokartina psixologik drama janrida boʻlib, Oftob ismli dizayner qizning hayotida yuz bergan qiziqarli voqealar haqida hikoya qilinadi. Premyeraga film ijodkorlari ham taklif etilgan.

    Premyeradan soʻng, taniqli estrada va kino yulduzlari ishtirokida ramziy “qizil yoʻlakcha” hamda shou-konsert dasturi oʻtkazildi. Yosh jurnalistlar, kinoijodkorlar va mehmonlar bilan fotosessiyalar, intervyular va bayramona shukuhdagi suhbatlar tashkil etildi.