Yosh shaxmatchilarimiz JCh saralash turnirida ishtirok etishmoqda

    "Shu kunlarda Latviyaning Riga shahrida 2021–2023-yilgi shaxmat bo‘yicha Jahon chempionati saralash bosqichining bir qismi bo‘lgan "Grand Swiss Tournament" turniri bo‘lib o‘tmoqda", deb xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi axborot xizmati.

    25-oktabrdan boshlangan ushbu musobaqa 8-noyabrga qadar davom etadi.

    Turnir butun dunyo bo‘ylab 114 nafar eng kuchli shaxmatchilar o‘rtasida shveytsarcha tizimda 11 turda o‘tkaziladi. Musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi esa 425 000 AQSh dollaridan iborat.

    Jahon chempionatiga saralash turnirida O‘zbekiston sharafini
    4 nafar grossmeyster himoya qilmoqda. Bular Nodirbek Yoqubboyev, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov va Shamsiddin Vohidov.

    Shuningdek, musobaqada hamyurtimiz, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdaliyev hakam sifatida ishtirok etadi.

    Ushbu Jahon chempionatiga saralash bahslarida vakillarimizga omad tilaymiz!