“Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etiladi

    2025-yil 1-aprelgacha “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etiladi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan.

    Qarorga koʻra, unda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash instrumentlaridan foydalangan tadbirkorlarning hisobvaraqlariga bepul xizmat koʻrsatiladi.

    Quyidagilar amalga oshiriladi:

    • 2025-yil 1-martgacha AT “Aloqabank”ning hududlarda yoshlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalarni tijoratlashtirishga hamda moliyalashtirishga koʻmaklashish (“Startaplar”) loyihasi respublikaning barcha hududlarida amalga oshiriladi va loyihaning hududlardagi boʻlinmalari malakali kadrlar bilan toʻldiriladi;
    • 2025-yil 1-apreldan har oyda 1 ta hududda “investor kun”lari tashkil etiladi hamda hududdagi OTMlar bilan hamkorlik dasturlari yoʻlga qoʻyiladi.

    Shuningdek, 2025-yil yakunigacha:

    • akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan startaplar soni 200 taga yetkaziladi;
    • hududlarda “Yoshlar biznes-inkubatori” markazlari tashkil qilinib, tadbirkorlik faoliyatini yangidan boshlagan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda muvaffaqiyatli tadbirkor darajasigacha rivojlanishlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratiladi, jumladan ularga tayyor ofislar ijaraga beriladi, buxgalteriya, marketing, eksport bozorlariga chiqish bilan bogʻliq kompleks xizmatlar koʻrsatiladi.