Aslida, bunday infeksiyalarning turlari koʻp. Lekin ularning 99 foizida kasallik alomatlari va asoratlari deyarli bir xil. Tumov, yuqori va pastki nafas yoʻllari yalligʻlanishi, baʼzan yoʻtal, tana harorati koʻtarilishi shular jumlasidan.

Bolalar oʻrtasida eng koʻp uchrayotgani esa adenovirus infeksiyasidir. Ammo ayrim ota-onalar farzandida ushbu xastalik kuzatilsa, tez sarosimaga tushib qoladi. Shoshmashosharlik esa koʻpincha notoʻgʻri xatti-harakatlarga sabab boʻladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Abdumannon Abduqayumov shu haqdagi mulohazalarini bayon qildi.

— Koʻpchilik ota-onalar bolada isitma chiqishini xavfli deb oʻylaydi, — deydi shifokor. — Shu sababli ularning 80-90 foizi farzandida tana harorati koʻtarilsa, darrov antibiotik va boshqa dorilar bilan davolashga urinadi.

Hatto oʻzboshimchalik bilan bemor bolasiga antibiotiklar beradiganlar bor. Biroq bu juda ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. Masalan, ichak disbakteriozini keltirib chiqaradi. Baʼzi antibiotiklar esa jigarga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin. Shu sababli ota-onalarga shifokor tavsiyasisiz farzandlariga antibiotik bermaslikni doimo uqtirib kelamiz.

Isitma haqida toʻxtaladigan boʻlsak, bir yoshgacha boʻlgan bolalarda tana harorati 38,0, bir yoshdan oshgan oʻgʻil-qizlarda esa 38,5 darajagacha koʻtarilmasa, hech qanday dori vositalari berish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermasligini eslatib oʻtmoqchiman.

Aksincha, ularni notoʻgʻri qoʻllash oqibatida bola salomatligiga jiddiy zarar yetishi mumkin. Shu bois antibiotikni faqat shifokor tavsiyasi bilangina olish lozim.

Tana harorati koʻtarilganda tez-tez iliq suv yoki boshqa suyuqliklar ichirish tavsiya etiladi. Sababi, isitma chiqqanda, organizmdan katta miqdorda ter ajralib, tana suyuqlik yoʻqotadi. Shuning uchun bolaga koʻproq suyuqlik ichirish maqsadga muvofiq.

Aslida, tana harorati 38,5 darajagacha koʻtarilishi organizmning kasallikka qarshi kurashayotganidan dalolat beradi. Yaʼni, organizmga infeksiya tushganida isitma koʻtarilishi normal holatdir.

Agar bolada isitma 38,5 darajadan oshsa, unga paratsetamol yoki ibuprofen berish tavsiya etiladi. Bu dorini 3 kun qoʻllash mumkin. Agar shu vaqt ichida bolaning umumiy ahvolida ijobiy oʻzgarish boʻlmasa, darhol oilaviy shifokorga murojaat qilish zarur.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.