Shu maqsadda joylarda amalga oshirilayotgan tashabbuslarning ijrosini o‘rganish, mavjud sharoitlarni yanada takomillashtirish va yangi imkoniyatlarni yaratish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Ana shu islohotlarning joylardagi ijrosi bilan yaqindan tanishish maqsadida hamda yoshlar hayotiga bevosita daxldor masalalarni chuqur tahlil qilish maqsadida Respublika komissiyasi ishchi guruhi Termiz davlat universitetiga tashrif buyurdi. Ishchi guruh tarkibida O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi raisi Q.Quronboyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari O.Hasanov, Sport vaziri maslahatchisi Sh.Mo‘minjonov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ul xodimi X.Eshovlar ishtirok etdi. Termiz davlat universitetida bo‘lib, talaba-yoshlar hayoti, ularning ilmiy va ijodiy faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif ayniqsa ramziy ma’noga ega bo‘ldi, chunki u Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan kunga to‘g‘ri keldi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan uchrashuv yoshlar uchun alohida ilhom manbai va rag‘bat bo‘ldi.

Tashrif avvalida universitetda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Rektor kubogi” sport musobaqalariga tantanali start berildi. Mazkur musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish va jamoaviy ruhni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Talabalar sport maydonida nafaqat jismoniy salohiyatini namoyish etdilar, balki do‘stona raqobat va hamkorlik ruhini ham yanada mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar.

Shundan so‘ng mehmonlar universitetning Ilmiy-tadqiqot markazida talaba-yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar bilan tanishdilar. Xususan, sun’iy intellekt asosida ishlab chiqilgan zamonaviy boshqaruv tizimi taqdimoti katta qiziqish uyg‘otdi. Shu yerda talabalar o‘zlarining startap loyihalarini namoyish qilib, amaliy tajriba va innovatsion g‘oyalarni birlashtirish imkoniyatini namoyon etdilar.

Tashrif davomida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev yoshlarga yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlar bilan tanishtirdi, ularning biznes g‘oyalarini rivojlantirish va amalga oshirish borasida amaliy ko‘rsatmalar berdi. Kelajagi porloq loyihalar Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Yoshlar venchur fondi orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Bu esa yoshlarni o‘z g‘oyalarini amalda sinab ko‘rish va ilg‘or texnologiyalar asosida yangi loyihalarni yaratishga ilhomlantiradi.

Shuningdek, talabalar bilan samimiy va ochiq muloqot tashkil etildi. Unda yoshlarga bugungi kunda yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni egallashning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Talabalar esa o‘zlarini qiziqtirgan savollar, kelajakdagi rejalari va takliflari bilan faol ishtirok etdilar.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu uchrashuv payshanba kunga to‘g‘ri kelgani ramziy ma’noga ega bo‘lib, Termiz davlat universiteti yoshlar uchun bilim, ijod va startap faoliyati uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlarni yaratgan makonga aylanganini amalda namoyish etdi. Bu esa yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, yoshlarning bilim, tashabbuskorlik va innovatsion salohiyati bilan bevosita bog‘liqligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, sport va madaniyat sohalarida rag‘batlantirish tizimi yoshlarimizni yanada faol, ijodkor va tashabbuskor bo‘lishga undamoqda. Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan har bir qadam yangi O‘zbekistonning porloq kelajagi sari muhim zamin yaratmoqda.

Jamshid NAZAROV,

Termiz davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti tyutori