Oʻzbekiston aholisining qariyb 55 foizini yoshlar tashkil qiladi. Shu bois yurtimizda yoshlar masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2017-yilda 30-iyun Yoshlar kuni sifatida eʼlon qilindi. Har yili yurtimizda ushbu sana keng nishonlanib kelinmoqda.
“Adolat” sotsial demokratik partiyasi ham yoshlar qanotini qoʻllab-quvvatlash maqsadida yoshlar kuni munosabati bilan “Adolat kubogi” shaxmat turnirini oʻtkazdi. Partiya tomonidan Chirchiq shahridagi 7-maktabda tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida Oʻzbekiston “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi oʻrinbosari Abdukamol Raxmonov, partiyaning Toshkent viloyati kengashi raisi Bobur Mamirov, partiya faollari, yoshlar ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarning puxta taʼlim olishi, yangi bilim va koʻnikmalarni egallashi, har tomonlama sogʻlom va barkamol avlod boʻlib voyaga yetishi uchun barcha imkoniyatlar, eng qulay shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
- Partiyamiz yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimini tubdan qayta shakllantirish, eng dolzarb muammolarini faol va samarali yechish, ularga har tomonlama yordam koʻrsatish tarafdori, - deydi Bobur Mamirov. - Ularning faoliyati samaradorligini oshirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun partiya tomonidan turli sport va intellektual tadbirlar muntazam tashkil etib boriladi.
Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
Ravshan Mirzaqulov,
jurnalist