Ammo bunday intilish va istaklar oʻz-oʻzidan ijobat boʻlishi ham mushkul. Buning uchun yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ezgu maqsadlarga ruhlantirish zarur. Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan yuritilayotgan “Yoshlar daftari” ayni shu maqsadga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli. Hozirda bu imkoniyatdan oqilona foydalanayotgan yoshlarimiz katta yutuqlarga erishmoqda. Buxorolik yosh tadbirkor Mohinur Subhonova shunday zamondoshlarimizdan biri.

Mohinur bundan 12 yil ilgari oʻrta maktabni tugatgach, tikuvchi ayollarga shogird tushib, kasb-hunar oʻrgangan va muayyan muddat oʻzi ham tikuv sexi ochib ish yuritgan. Biroq tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun imkoniyat va ragʻbat boʻlmagani tufayli ishini davom ettira olmagan edi. “Yoshlar daftari” tashkil etilganini, shu orqali yoshlarga tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun kredit berilayotganini eshitgach hech ikkilanmay mahalla fuqarolar yigʻiniga murojaat qildi. Mahallada uni iliq kutib olib, ish faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi.

– Bankdan kredit olib ish boshlaganimga hali koʻp boʻlmadi. Oʻtgan davrda faoliyatimni toʻliq yoʻlga qoʻyib, 3 nafar tengdoshimni ham ish bilan taʼminladim, – deydi M.Subhonova. – Tikuv seximizda asosan toʻy liboslari tikamiz. Hozirgi kunda yoshlarimiz milliy usulda atlas, adras matolardan tikilgan liboslarga tobora koʻp eʼtibor qaratmoqda. Turli milliy koʻrgazmalarda va madaniy tadbirlarda ishtirok etib, ana shunday milliy liboslarimiz tarixini oʻrganyapman. Maqsadim – tadbirkorlik faoliyatim orqali asrlar osha boqiy yashab kelayotgan milliy qadriyat va anʼanalarimiz davomiyligiga oʻz ulushimni qoʻshish.

Ana shunday ezgu maqsadda izlanayotgan yosh tadbirkor ayni paytda biznes rejasini kengaytirish ustida ham ish olib bormoqda. Shu maqsadda dizayn yoʻnalishida maxsus kurslarda saboq olib, orttirgan bilim va tajribasini yoshlarga ham oʻrgatish niyatida. Kelgusida bankdan kredit olib korxona faoliyatini yana-da kengaytirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirishni rejalashtirmoqda.

Mamlakatimizning boshqa hududlari kabi Buxoro viloyatida ham ana shunday izlanuvchan, tashabbuskor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ezgu maqsadlarini roʻyobga chiqarish, badligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda viloyatda haftaning seshanba kuni – yoshlar bandligi, juma – ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan shugʻullanish kuni etib belgilangan.

Yoshlarni qiynayotgan muammolar, ularning maqsad-rejalari bilan yaqindan tanishish maqsadida mahallalarda xatlov oʻtkazilib, mavjud holat atroflicha oʻrganildi. Xatlov natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib 13 ta tuman, shahar boʻyicha alohida “Yoshlar dasturi” tasdiqlanib ijroga qaratildi. Ayni paytda ushbu dasturlarda belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Shu kunlarda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish boʻyicha tashkil etilgan viloyat shtabida ish har qachongidan qizgʻin. Bu yerda viloyatdagi turli idora-tashkilotlardan jamlangan mutaxassislar “Yoshlar dasturi” doirasidagi ishlarni muntazam monitoring qilib, aniqlangan muammo va kamchiliklarning oʻz vaqtida yechimini topish choralarini izlaydi. Shuningdek, “Yoshlar daftari” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar uzluksiz tahlil etiladi.

– Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, yer ajratish, bozorda talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish, tartibli va xavfsiz migratsiya tizimini yoʻlga qoʻyish, 1+1 loyihasi doirasida hunarmand va tadbirkorlarga yoshlarni biriktirish borasidagi ishlar natijasida “Yoshlar daftari”ga kirgan yigit-qizlarning qariyb 90 foizi bugungi kunda daftardan chiqdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyat boshqarmasi mutaxassisi Doston Nizomov. – Xususan, 4 mingdan koʻprogʻi tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli kredit oldi. Natijada ular tengdoshlari bandligini taʼminlashga ham koʻmaklashmoqda.

– Tadbirkor boʻlishni bolaligimdan orzu qilganman, – deydi vobkentlik Sora Ibrohimova. – Biroq bu orzuim roʻyobga chiqishiga aslo koʻzim yetmasdi. Sababi bunday ish boshlash uchun katta mablagʻ kerak boʻlardi. Bizning oilamizda esa bunga imkon yoʻq edi. “Yoshlar daftari” yuritilayotgani, ishsiz yurgan koʻplab tengdoshlarim undan foydalanib tadbirkorga aylanayotganini koʻrib orzularim roʻyobga chiqadigan davr kelganiga ishonch hosil qildim. Mahallamizga murojaat qilishim bilan menga barcha imkoniyatlar yaratib berildi. Hozirda 30 million soʻm kredit evaziga parrandachilikni yoʻlga qoʻydim. Yetishtirayotgan mahsulotimiz yaqin atrofdagi savdo nuqtalarida sotilyapti. Ham oilamga, ham xalqimizga foydam tegayotganidan behad mamnunman.

“Yoshlar daftari” yigit-qizlar uchun ana shunday katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bundan oqilona foydalanayotgan yoshlar esa oilasiga va jamiyatga foydasi tegadigan mohir tadbirkor va ishbilarmonga, jamiyatdagi islohotlarning faol harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri