Bugun yurtimizda innovatsiya va ilm-fanni qoʻllab-quvvatlash borasidagi keng koʻlamli ishlar oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Innovatsion yondashuvlar taʼlim tizimini modernizatsiyalash va taʼlim samaradorligiga erishishning asosiy shartidir.

Zero, bugungi kun yoshlarini oʻzi tanlagan sohasiga qiziqishini yanada oshirish, layoqati bor yigit-qizlarni taʼlimga va mutaxassisligiga toʻgʻri yoʻnaltirish taʼlim-tarbiyada erishajak yutuqlarimiz samarali boʻlishini taʼminlaydi.

 Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida “...oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish” vazifasi qoʻyildi.

Yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunda “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablariga muvofiq taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni beradi”, deb belgilab qoʻyildi. Yaʼni tegishli tashkilotlarning litsenziyasiga ega xususiy oliy taʼlim muassasasi diplomi davlat oliy taʼlim muassasalari diplomlari bilan bir xil maqomga ega.

Yaqinda umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “Har kim taʼlim olish huquqiga ega. Davlat uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlaydi”, deyiladi. Yaʼni davlatimiz davlat taʼlim tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat taʼlim tashkilotlarini rivojlantirishni oʻz zimmasiga olyapti.

Yoshlarning oliy taʼlimga qamrovini oshirish, bandligini taʼminlash, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish borasida koʻzga koʻringan natijalarga erishilmoqda.

Buxoro innovatsiyalar universiteti tashkil etilishi ham ana shu islohotlar samarasi, deb ayta olamiz. Tashkil etilganiga hali bir yil boʻlmasa-da, oliy taʼlim  muassasamiz qisqa muddatda yutuqlarga erisha boshladi. Zamonaviy kompyuterlar, bir yarim million kitob fondiga ega elektron kutubxona, 15 mingga yaqin oʻquv va badiiy adabiyot jamlangan axborot-resurs markazi, televizorlar, elektron doskalar, zamonaviy mebellar, kovorking markaz, sport zallari, yotoqxonalar mavjud universitetimizda toʻqqizta bakalavriat yoʻnalishi va toʻrtta magistratura yoʻnalishida taʼlim berilmoqda.

Nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan tajriba almashish, ulardan professor-oʻqituvchilarni oʻquv ishlariga jalb qilish Buxoro innovatsiyalar universitetida ustuvor masala boʻlib qolmoqda. Janubiy Koreyaning top-100 talikka kirgan Yonsei Universityning magistraturasida tahsil olgan, bugungi kunda Buxoroda yashab, universitetimizning xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha prorektori lavozimida ishlab kelayotgan Janitxa Amarasenaning yordami bilan xorijlik toʻrt mutaxassis axborot texnologiyalaridan dars berib kelmoqda.

Talabalar uchun “English club”, “Govorim po russki”, “Muvaffaqiyatga erishish yoʻllari”, “Biznes loyihalar yaratish yoʻllari”, “Tashabbuskor loyihalar” kabi dasturlar asosida bepul mashgʻulotlar tashkil etilgan.

Rossiyaning Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti va Tyumen davlat universiteti bilan maqsadli magistratura dasturlari, bakalavriat bosqichida ikkita diplom dasturlari yoʻlga qoʻyildi.

Buxoro innovatsiyalar universitetida defektologiya yoʻnalishi boʻlib, talabalarimizning ham nazariy, ham amaliy bilim olishlarini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston logopedlari” nodavlat MCHJ bilan hamkorlik memorandumi imzolandi va universitet bazasida uning filiali ochildi. Endi Toshkentdan kelgan yetakchi defektolog-mutaxassis maslahati va yordamiga muhtoj ota-onalarga mutaxassislar bilan birgalikda shu yoʻnalishda tahsil olayotgan talabalar ham xizmat koʻrsatishi yoʻlga qoʻyildi.

Buyuk Britaniyaning Transport va logistika universiteti bilan shartnoma imzolandi va Toshkent transport universiteti professorlari yordamida Buxoro innovatsiyalar universitetiga oʻquv laboratoriyalari olib kelindi. Talabalar transport logistikasi boʻyicha eng zamonaviy laboratoriya uskunalari va kompyuter texnologiyalaridan foydalanib, kasb sirlarini oʻrganadilar.

Bir soʻz bilan aytganda, Buxoro innovatsiyalar universiteti yurtimizga bilimli, malakali mutaxassis kadrlar tayyorlab berishda istiqboli porloq oliy taʼlim muassasasi boʻlishiga ishonamiz va shu maqsad yoʻlida harakat qilamiz. Zero, bu dunyoda yoshlarga taʼlim berishdan sharafli vazifaning oʻzi yoʻq.

 Dilnoz ROʻZIYEVA,

Buxoro innovatsiyalar universiteti rektori