Yoshlar yetakchisi yigit-qizlarning chin doʻstiga aylanishi kerak

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 21-yanvar sonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Odiljon Tojiyevning “Yoshlar yetakchisi yigit-qizlarning chin doʻstiga aylanishi kerak” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Oʻzbekiston — yoshlar mamlakati. Shu bois, yurtimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasi va kamolotiga alohida eʼtibor qaratiladi. Zero, har bir mamlakatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqining munosib turmush sharoitida yashashi va xalqaro maydondagi mavqeining mustahkamlanishi yoshlar taʼlim-tarbiyasi hamda kelajagiga qaratiladigan eʼtiborga chambarchas bogʻliq.

    COVID–19 tufayli global miqyosda davom etayotgan iqtisodiy tebranish milliy iqtisodiyotimizga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qoʻymaydi. Shunga qaramay, mamlakatimizda yoshlarning talab va ehtiyojlarini oʻrganish, ularga yangidan-yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratish, bu boradagi tashkiliy-huquqiy asoslarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik hujjatlari milliy bazasiga koʻra, 2017–2021-yillarda yoshlar huquqlariga bevosita taalluqli boʻlgan 140 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Prezidentimizning kuni kecha eʼlon qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eng quyi boʻgʻinda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi yaratilishiga zamin boʻldi.

    Bundan buyon shahar, shaharcha, qishloq, ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi. Bundan koʻzlangan pirovard maqsad Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, oʻz isteʼdodi va qobiliyatini roʻyobga chiqarishi, mehnat bilan band boʻlishida mahallaning oʻrni va nufuzini oshirish, oddiy qilib aytganda, yoshlar oʻzlari duch kelgan har qanday masalada yordamni uzoqqa bormay, mahallaning oʻzida topa olishiga erishishdan iborat.

    Ushbu qaror tom maʼnoda mamlakatimizdagi har bir yosh taqdiriga daxldor. Qarorga binoan, yurtimizdagi mahallalarda 9 309 ta yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi. Yoshlar ishlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va boʻlimlarida mahalla va taʼlim muassasalaridagi yoshlar bilan ishlash boʻlinmalari tashkil etiladi. Bu orqali 10 mingdan ortiq yoshning ish bilan taʼminlanishiga erishiladi. Shuningdek, davlat oliy taʼlim muassasalari hamda ularning filiallaridagi yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektorlarga (direktor oʻrinbosariga) birinchi prorektor (direktorning birinchi oʻrinbosari) maqomi berilmoqda.

    Dono xalqimizda purmaʼno, ammo biroz yodimizdan koʻtarilayotgan maqol bor: “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona”. Aslida, yoshlarning kamoloti, unib-oʻsishi, rivojlanishi, qiziqishi, hayotiga befarq qarash ertangi kunimiz, kelajagimizga loqaydlik bilan barobar. Azaldan chinakam milliy qadriyatlar, ezgu amallar beshigi boʻlgan mahalla institutida yoshlar yetakchisi lavozimining joriy etilayotgani mahallalarda yoshlar bilan ishlashga masʼul, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, oʻz ortidan juda koʻplab tengdoshlarini ergashtira oladigan qatlamni yuzaga keltirishga xizmat qiladi.

    Muayyan muddat yoshlar siyosatini muvofiqlashtirish sohasida ishlagan inson sifatida ayta olamanki, yoshlardagi shijoat, sadoqat, yangilikka intilish, har bir masalaga kreativ yechim topa olishdek xususiyatlardan unumli foydalanish kerak. Yoshlar yetakchilari lavozimining joriy etilishi, birinchidan, tengdosh — tengdoshga tamoyili asosida yuzaga keladigan masalalarni tizimli hal qilishda yoshlar ishtirokini yanada kuchaytiradi. Ikkinchidan, mahalla tizimi xodimlarini oʻz xizmat lavozimiga kirmaydigan topshiriqlar, ortiqcha yuklamalardan xalos qiladi.

    Tan olish kerak, aksariyat mahallalarda raislar va ularning maslahatchilari turli masalalarga oid hisobotlarni tayyorlash bilan cheklanib qolishi oqibatida yoshlarning manfaatini himoya qilish keyingi darajaga tushib qolganiga ham guvoh boʻlganmiz. Qarorda qayd etilishicha, yoshlar yetakchisi endi oʻz mahallasida “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, yoshlar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ishlash, oʻgʻil-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, isteʼdodi va tashabbusini ragʻbatlantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga koʻmaklashishga masʼul boʻladi.

    Shu oʻrinda mahallalardagi yoshlar yetakchisi sifatida mehnat faoliyatini boshlashga shay turgan uka-singillarimizga aytar soʻzim bor: bildirilayotgan ishonchni oqlagan holda, bugungi islohotlarga “labbay” deb javob berish, yurt ravnaqi, porloq kelajak qurish uchun oʻzingizdagi bor kuch-gʻayrat va salohiyat, masʼuliyatni toʻlaligicha namoyish qilish vaqti keldi. Mahallangizdagi oqsoqollar va ustozlar zimmasidagi muhim vazifalarni oʻz gardaningizga olishdan aslo choʻchimang.

    Unutmang, mahalla yurtimiz ichidagi kichik yurt hisoblanadi. Demak, mahalladagi yoshlarni rozi, ogʻirini yengil qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratishga siz ham masʼulsiz. Zotan, yoshlar yetakchisi mahalladagi yoshlarning eng yaqin suyanchigʻi, ishonchli hamkori, samimiy maslahatgoʻyi, chin doʻstiga aylanmogʻi kerak.