Prezidentimizning joriy yil Oliy Majlisga Murojaatnomasida yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Unda, ayniqsa, yoshlarimizni biznes loyihalarini kreditlash, ularni kasb-hunarga oʻqitishga yoʻnaltirish, tadbirkorlik tashabbusi, saʼy-harakati va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 2021-yilda bir trillion soʻmga yaqin mablagʻ ajratilishini yoshlarimiz xursandchilik bilan qarshi olishdi.

Ayniqsa, yoshlarimizning taʼlim olishiga imkoniyat yaratish, yangi raqobatbardosh kadrlarni yetishtirish uchun Toshkent shahrida zamonaviy standartlarga javob beradigan yangi universitet ochish haqidagi taklif tengdoshlarimiz uchun kutilmagan quvonchli voqea boʻldi. Murojaatnomada yana bir yangi tashabbus — Bolalarni qoʻllab-quvvatlash uchun jamoat fondi tashkil etish lozimligi bildirildi.

Ushbu fondga 100 milliard soʻm boshlangʻich mablagʻ ajratiladi va bu mablagʻ yil davomida oshib boradi. Yana bir muhim jihat shundan iboratki, Oʻzbekistonda birinchi marta chin yetimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish, uy-joy bilan taʼminlash maqsadida 50 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Shuningdek, oʻzbekistonlik talabalarga yana bir yangi imkoniyat taqdim etilmoqda. Xorijda oʻqish uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali joʻnatiladigan yoshlar soni endi besh baravar koʻpayadi. Agar ular shu davrgacha magistratura va doktoranturada oʻqib kelgan boʻlsa, kelgusi yildan boshlab tajriba sifatida yuz nafar yigit-qiz chet eldagi eng nufuzli oliy oʻquv yurtlariga bakalavr bosqichida oʻqish uchun joʻnatiladigan boʻldi. Keyingi yillarda ularning soni 2-3 baravarga koʻpaytiriladi. Murojaatnomada yoshlarimizni ragʻbatlantirish maqsadida ularni tadbirkorlikka, kasb-hunarga oʻrgatish, taʼlim sifatiga eʼtibor qaratish va, ayniqsa, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgani navqiron avlod vakillariga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibordan dalolatdir.