Bugun Samarqand viloyati boʻylab “Yoshlar oyligi” doirasida belgilangan tadbirlarning ajodlarimiz haykallari poyiga gul qoʻyishdan, ularning xotirasiga hurmat koʻrsatishdan boshlangani ham bejiz emas. Zero, yangi Oʻzbekistonning bilimli, zukko yoshlari kelajakni albatta ajdodlarimizning yurt tinchiligi, ravnaqi yoʻlida koʻrsatgan jasoratlarini bilmasdan, ularga munosib avlod boʻlmasdan qura olmaydi.
— Bugun biz kabi koʻplab yoshlarni bir maqsad sari, yangi Oʻzbekistonning porloq kelajagi yoʻlida birlashtirgan ushbu festivalda ishtirok etayotganimdan judayam xursandman, — deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Hilola Rasulov. — Toʻgʻrisi, dunyo falakiyot ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan shaxs, buyuk daho bizning bobomiz Mirzo Ulugʻbek ekanligi qalbimizda yana bir bor ulkan faxr hissini uygʻotdi. Albatta, bu yerga yigʻilgan koʻplab iqtidorli ixtirochilar, astronomlar, startapchi va matematik yoshlar kelgusida shu ajdodlarimiz singari boʻlishni maqsad qildik va bu maqsad sari olgʻa boramiz.
Bugun koʻplab mana shunday yoshlarda yurtimizni rivojiga hissa qoʻshish, shu yurtga munosib farzand boʻlish ishtiyoqi uygʻondi, yana bir bor Vatanga muhabbatni his qildi. Aslida, oʻtkazilayotgan keng koʻlamdagi festivaldan koʻzlangan maqsad ham shu emasmi.
Yana ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu festival doirasida yoshlar oʻzlarining madaniyat, sanʼat, sport va boshqa sohalardagi intellektual salohiyatlarini namoyon etadi.
Buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Alisher Navoiy va Mirzo Ulugʻbek haykallari poylariga gulchambarlar qoʻyib, ularning xotiralariga hurmat koʻrsatgan yoshlardan iborat festival ishtirokchilari shu yerdan Registon maydoni boʻylab bayramona yurishni boshladi.
Samarqand viloyati boʻylab 11-13-iyun kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Yoshlar festivali doirasida 103 ta madaniy-maʼrifiy, sport tadbirlari hamda turli yoʻnalishlarda koʻrik-tanlovlar oʻtkaziladi. Festivalning 1-kuni Samarqand shahrida 13 ta, tuman va shaharlarda 30 ta, 2-kuni Samarqand shahrida 11 ta, tuman va shaharlarda 6 ta, oliy taʼlim muassasalarida 39 ta, 3-kuni 4 ta tadbir va loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, festivalda, sektorlar kesimida sport musobaqalari, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan motivatsion uchrashuvlar, intellektual oʻyinlar, harbiy-vatanparvarlik loyihalari, 3 kun davomida taniqli sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert dasturlari, kibersport musobaqalari, kam taʼminlangan oila farzandlarining turistik markazlarga tashriflari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga asbob-uskunalar topshirish marosimlari ham boʻlib oʻtadi.
Festival doirasida oʻtadigan tadbirlarga “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlari, ishsiz yoshlar, profilaktik-probatsiya hisobiga olingan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qamrab olish maqsad qilingan, deya xabar beradi Hilola Ergasheva.
Oʻylaymizku ushbu festival yoshlarning qalbida unutilmas tadbir sifatida iz qoldiradi.