Oylik doirasida aynan tugʻilganligi qayd qilinmagan yoshlar aniqlanib, Samarqand tuman FHDYO boʻlimi tomonidan ularning tugʻilganligi muddati oʻtib qayd qilinib, guvohnomalar qisqa muddatlarda rasmiylashtirib berildi. Ahamiyatlisi, guvohnomalar boʻlim mudirasi Z.Nuriddinova tomonidan mahallalar, yaʼni yoshlarning yashash xonadonlariga tashrif buyurgan holda topshirildi.

— Oilaviy muammolar sabab 16 yildan buyon oʻgʻlimga tugʻilganlik guvohnomasi ololmayotgandim, — deydi “Turkman” mahallasida yashovchi Oysara Rahimova. — Bu oʻgʻlimni maktabga berish masalasida ham ayrim noqulayliklar tugʻdirgandi. Tuman FHDYO boʻlimiga murojaat qilganimda ular muammomizga qonuniy yechim topishda koʻmaklashib, guvohnomani rasmiylashtirib berishdi. Biz kabi fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanishlari uchun yaratilayotgan bunday qulayliklar mushkulimizni oson boʻlishiga yordam bermoqda.

Bundan tashqari, tumanning “Yangiravot” mahallasida istiqomat qiluvchi Muhammad Furqatov oila qurganiga koʻp yillar boʻlgan boʻlsada, qonuniy nikohdan oʻtmagan. Bu holat ularning farzandlariga guvohnoma rasmiylashtirishda toʻsiq boʻlgan. Tadbir davomida ushbu oila vakillarining nikohi qayd qilinib, biryoʻla oilaning 3 nafar farzandlariga ham tugʻilganlik guvohnomalari rasmiylashtirilib, joyiga chiqqan holda topshirildi.

— Men hozir 12 yoshdaman, — deydi shu oila farzandi Jeyran Hasanova. — Shu paytga qadar tugʻilganlik guvohnomam yoʻq edi. Bugun uni oʻzlari olib kelib berishgani juda quvontirdi. Chunki endi rasman fuqaro sifatida eʼtirof etildim. Men qatori ukalarim ham guvohnomalik boʻlishgani ayni muddao boʻldi.

Tugʻilganlik guvohnomasi olgan yoshlarga oylik munosabati bilan Yoshlar ishlari agentligi Samarqand tuman boʻlimi tomonidan kitoblar sovgʻa qilindi. Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 23-iyun holatiga tuman FHDYO boʻlimi tomonidan 64 nafar fuqarolarning tugʻilishi muddati oʻtkazilib qayd qilingan.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi

Axborot xizmati