“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida yoshlar huquqlarini ta’minlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Avvalo, ta’lim olish huquqini kuchaytirish bo‘yicha aniq tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum kapital ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanadi. Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilg‘or dasturlari joriy qilinadigan texnikumlar soni 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Eng muhim yangiliklardan biri — 100 ming nafar texnikum o‘quvchisiga ilk bor stipendiya berilishi bo‘lib, bu kasbiy ta’limni moliyaviy rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Yoshlarning mehnat bozoriga kirish huquqi ham e’tiborda. “Dual ta’lim” tizimining kengayishi natijasida bugun 70 mingga yaqin yosh o‘qish bilan birga amaliyot o‘tamoqda va oylik daromad olish imkoniyatiga ega. Bu — ta’lim va mehnat huquqini uyg‘unlashtiruvchi samarali mexanizmdir.
Shuningdek, IT va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilmoqda. “Raqamli startaplar” dasturini kengaytirish, xususiy startap markazlariga Yoshlar jamg‘armasidan 5 yilga 5 milliard so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi — innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etish uchun real imkoniyatdir. 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etilishi, data-markazlar va superkompyuterlar ishga tushirilishi esa yoshlarning ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanish doirasini yanada kengaytiradi.
Murojaatnomada tilga olingan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish loyihasi ham yoshlar uchun katta ilhom va maqsad manbai bo‘lib, ilm-fan hamda texnologiyaga kirish imkoniyatlarini yangi bosqichga ko‘taradi.
Umuman, 2026-yil uchun belgilangan vazifalar ta’lim, mehnat, tadbirkorlik, innovatsiya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalarida yoshlar huquqlarini amaliy ta’minlashga qaratilgan. Davlat siyosati yoshlarni jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi sifatida e’tirof etib, ularning kelajagiga aniq dasturlar va resurslar orqali sarmoya kiritayotganini ko‘rsatmoqda.
Kubaeva Ismigul,
TDYU Fuqarolik huquqi kafedrasi o‘qituvchisi,
Yaponiya Nagoya Universiteti magistri