Markaziy Osiyo yoshlar forumi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi” doirasida oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov xalqaro forumni ochar ekan, ushbu jahon anjumanining oʻziga xos xususiyatlari, dolzarbligi va muhimligini koʻrsatadigan bir qator mezonlarni qayd etib oʻtdi.
Markaziy Osiyo yoshlar forumi ishtirokchilarini, shuningdek, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Folker Tyurk va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchi videomurojaat orqali tabrikladi.
BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi nomidan – YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakili v.b. Jofri Ijumba Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisining Yoshlar masalalari boʻyicha maxsus vakili Memet Jaku hamda Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi vakili Muhammad Laval Sulaymonning qutlov soʻzlari tinglandi.
Soʻzga chiqqanlar Markaziy Osiyo yoshlar forumi uning ishtirokchilari uchun yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini taʼminlash hamda himoya qilish mexanizmlari boʻyicha zaruriy bilimlarga ega boʻlish, oʻzaro tajriba almashish, dolzarb gʻoya va loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun qulay axborot-maʼrifat va amaliy muhokama-munozara maydoniga aylanishiga ishonch bildirdilar. Bunda xalqaro anjuman ishi davomida siyosatchilar va jamoat arboblari, ilmiy-akademik doiralar namoyandalari va tadbirkorlar, Oʻzbekiston va dunyo yoshlari vakillari oʻrtasida boʻlib oʻtadigan jonli muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishiga eʼtibor qaratildi.
Shundan soʻng jahon anjumani oʻz ishini uchta yalpi majlis doirasida davom ettirdi. Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari – 800 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.
Xalqaro forumning asosiy milliy tashkilotchisi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi.
Ushbu nufuzli anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamda Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizdagi barcha yoshlar tashkilotlari xalqaro forumga faol jalb etilgan.
Bahor Xidirova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri