Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi Farmoni hamda O'zbekiston yoshlari forumida belgilab berilgan topshirig'iga muvofiq, yoshlar bilan “mahallabay” ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini ta'minlash maqsadida Yakkasaroy tumani yoshlari, hudud sektor rahbarlari hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo'limi xodimlari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot o'tkazildi.
Uchrashuvda yoshlar o'zlarining taklif va muammolari bilan ishtirok etdi. Ularning fikr-mulohazalari sektor rahbarlari tomonidan tinglandi hamda kerakli maslahatlar berib o'tildi.
Ushbu o'tkazilgan uchrashuvda Yakkasaroy tumani sektorlar kesimida 5 nafar yoshlar ishga joylashtirilgan bo'lsa, yana 5 nafar yoshlarga monomarkazda kasb o'rganishi uchun yo'llanmalar berildi.
Shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 15 nafar yoshga o'zini o'zi band qilishlari uchun tikuv mashinasi, parda ishlovchi dazmol va 14 nafariga muzlatkich, minipech, mikser, blender, gaz plita, mikroto'lqinli pech hamda 1 nafar yoshga xizmat ko'rsatish sohasida faoliyat yuritishi uchun elektroskuter topshirildi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, imkoniyat eshigi bo'lgan “Yoshlar daftari” jamg'armasi mablag'lari hisobidan bugungi kunga qadar Yakkasaroy tumanida 201 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga umumiy 943 mln. 944 ming so'm miqdorida pul mablag'lari yo'naltirildi. Ya'ni bir martalik yordam, haydovchilik guvohnomasiga o'qitish, harbiy xizmat, yoshlarga o'zini o'zi band qilishlari uchun asbob-uskunalar olib berilgan bo'lsa, “Besh tashabbus” doirasida bo'lib o'tgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun 930 mln. so'm mablag' sarflandi.
Bu hech bir hududda yoshlar e'tibordan chetda qolmayotganligidan dalolat beradi.
Dilnoza Abduhamidova,
O'zbekiston Respublikasi YOshlar ishlari agentligi
Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati xodimi