Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi

    Keyingi avlod 30 Iyun 2020 20073

    “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

    Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (Agentlik) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari tashkil etildi.

    Agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari belgilandi.

    Agentlik, jumladan, yoshlar bilan bogʻliq soha va yoʻnalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yoʻnalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.

    Shuningdek, Agentlik yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

    Farmon bilan Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

    Dasturda, jumladan, Oʻzbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish belgilangan.

    Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar Agentlik tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalar taqsimlash orqali moliyalashtiriladi.