Qayd etilganidek, mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning butunlay yangi tizimi yaratilib, Yoshlar ishlari agentligi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yoshlar bilan bogʻliq soha va yoʻnalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yoʻnalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish agentlikning asosiy vazifalari sifatida belgilangan.

Ushbu vazifa va vakolatlarning mustahkam huquqiy asoslarini yaratish maqsadida yangi Qonun bilan “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi hamda “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarga qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Maxsus vakolatli davlat organi sifatida Yoshlar ishlari agentligiga yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat olib borish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etish, yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf qilish haqida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish vakolatlari berilmoqda.

Shuningdek, maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari hamda tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi toʻgʻrisida asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish talabi bilan soʻrovlar yuborishga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari maxsus vakolatli davlat organi bilan majburiy tartibda kelishilishi qonunan mustahkamlanmoqda.

Qonun bilan Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoyalash sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Muhokamada soʻzga chiqqan senatorlar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar tomonidan sodir qilinayotgan huquqbuzarliklar, xususan, bezorilik aks etgan videolavhalar keng tarqalayotganini taassuf bilan taʼkidlab, bunday lavhalarni bolalarsogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborot sifatida baholadilar. Mazkur holatlarning oldini olishda endilikda Yoshlar ishlari agentligiga qator vakolatlar berilayotgani maqsadga muvofiqligini taʼkidladilar.

Bir soʻz bilan aytganda Qonun qabul qilinishi yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlarning nazoratsizligi va huquqbuzarligi profilaktikasi, bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi Yoshlar ishlari agentligining vakolatlarini huquqiy jihatdan belgilashga hamda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga asos boʻladi.

Muhokamalardan soʻng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati