Qiziqqanlarga aytamanki, bizning tashkilot quyi tizimdagi, xususan, maktablar, kollej-litsey va texnikumlar, oliygohlarda o'qiyotgan, turli korxona, muassasalarda ishlayotgan, mahallalarda yashayotgan yoshlar hayoti bilan chambarchas bog'liq. Ularning manfaatlarini imkon qadar himoyalaymiz, orzu-intilishlarini baholi qudrat qo'llab-quvvatlaymiz, tashvish-muammolarini ijobiy hal etishga urinamiz.

30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O'zbekiston Prezidentining mamlakatimiz yoshlariga yo'llagan tabrigida ta'kidlanganidek, “Bugungi kunda maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda bilim olayotgan, o'z shaxsiy ishini ochib, tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan, Qurolli Kuchlarimiz saflarida yigitlik burchini sharaf bilan ado etayotgan, ishlab chiqarish, qurilish, ilm-fan, ta'lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot va san'at, sport sohalariga, zamonaviy IT-texnologiyalari yo'nalishlariga dadil kirib borayotgan, katta orzu-umidlar bilan yashayotgan 18 milliondan ziyod o'g'il-qizlarimiz — bizning bebaho boyligimiz, oltin zaxiramizdir”.

Mazkur tabrikdagi ushbu fikrlar e'tiborimni tortdi: “O'tgan davrda yoshlar bilan ishlash bo'yicha mutlaqo yangi — vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Yurtimizdagi barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga tashkilotchilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor yigit-qizlar tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratildi. “Yoshlar daftari” tizimi yo'lga qo'yilib, so'nggi ikki yilda 798 ming nafarga yaqin yoshlarga qariyb 1 trillion so'mlik yordamlar ko'rsatildi. Jumladan, 53 ming nafar ehtiyojmand oilaga mansub talabaga o'qish uchun kontrakt pullari to'lab berildi.

Namangandagi jami yoshlar soni (16-30 yosh) 638 ming 842 nafarni tashkil etadi. Ulardan 313 ming 738 nafari ayol-qizlardir. Viloyatimizda 710 ta umumta'lim maktabi mavjud, barchasida maktab sardorlari, sinf sardorlari saylangan. Shuningdek, hisobot saylov yig'ilishlarida tuman (shahar)larda va viloyatda ittifoq va “Kamalak” sardorlari saylab olingan. 93 ming 737 nafar sardor faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o'tgan olti oyi davomida O'zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyat kengashi qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 500 dan ortiq tadbir va loyihalar amalga oshirilib, 600 ming nafardan ziyod yoshlar qamrab olingan.

“Telegram” ijtimoiy tarmog'ida sardorlar uchun ikkita guruh, uchta kanal tashkil qilinib, 1-iyulgacha 20 ming nafardan oshiq yoshlar bilan onlayn muloqotlar yo'lga qo'yilgan. “Kamalak” bolalar tashkilotining eng yirik loyihalari “Yoshlar shaxmat taxtasi”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Yoshlar eko hayotni tanlaydi”, “Yashil makon” va “Ekopatrul” loyihalari, “Zakovat” intellektual tanlovlari, “Zakovat kuiz”, “Sardorlar kuni”, “Munozara”, “Eko patrul”, “Men sardorman”, “Chess Kingdom” shaxmat musobaqasi, “Ramazon tuhfasi”, “Yozni Kamalak bilan” kabi turkum ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar va loyihalardan iborat. Sardorlar faoliyatini rivojlantirish maqsadida “Bolalar press klubi”, “Mehrli o'yinchoqlar”, “Sardorlar olimpiadasi”, “Aqlli avlod”, “Sardorlar forumi”, “Navoiyxonlik kechasi”, “Bayt chellenj” loyihalari uyushtirilib, ularda 50 mingdan ziyod yosh qatnashdi.

Shu yil 19-24-may kunlari Qashqadaryo viloyatining “Lochin” oromgohida “Vatan, do'stlik va baxtli bolalik uchun” shiori ostidagi respublika anjumanida viloyatimiz sardorlari faxrli 2-o'rinni egallab qaytishdi. O'quvchi-yoshlarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Yozni Kamalak bilan” an'anaviy loyihasini bu safar sardorlar o'zgacha ko'tarinki kayfiyatda olib borishdi. Oromgohlar, bolalar saylgohlari, umumta'lim maktablari va mahallalarda sport, ekologiya va adabiyot, san'atga oid loyihalar uch bosqichda yuqori saviyada tashkil etildi.

2022-yilda “Kamalak” bolalar tashkiloti loyihalariga 5 ming nafar o'quvchi-yoshlar qamrab olingan bo'lsa, joriy yil shu davrigacha bu ko'rsatkich 7 ming nafarga yetdi. Viloyatdagi 10 ta oliy ta'lim muassasasining 5 tasi davlat va 5 tasi nodavlat ta'lim muassasasi hisoblanadi. Beshta davlat oliy ta'lim muassasasida Yoshlar ittifoqining boshlang'ich tashkiloti ochilgan, 4 ta nodavlat oliy ta'lim muassasasi bilan memorandum imzolandi va boshlang'ich tashkilot ochildi. Professional ta'lim muassassalari 64 ta, ularning 54 tasida Yoshlar ittifoqining boshlang'ich tashkilot yetakchilari faoliyat yuritadi. Har bir boshlang'ich tashkilot ijtimoiy tarmoqlarda o'zining sahifalari orqali jarayonlarni muntazam yoritmoqda.

Namanganda joriy yil 1-iyuligacha O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashining ta'lim muassasalari, korxona, tashkilotlardagi boshlang'ich tashkilotlari bilan birgalikda yigirmata loyiha amalga oshirilib, yarim million nafar yigit-qiz jalb etildi. 560 nafar yoshlar yetakchisining bilim va malakasini oshirish uchun ikki marta o'quv-seminari tashkil etildi.

Qolaversa, Ittifoq viloyat kengashi “Biz jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshimiz”, “Giyohvandlik – asr vabosi”, “Biz o'z huquqlarimizni bilamiz”, “Jinoyat va jazo”, “Odam savdosi – davr muammosi”, “Korrupsiyaga qarshimiz” singari shiorlar mujassamlashgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, voyaga yetmaganlar ishlari bo'yicha komissiyalar hamda sohaga daxldor tashkilotlar bilan hamkorlikda 48 marta sport tadbiri, 11 marta harbiy qismlarga tashrif, 8 marta psixologik trening, 35 marotaba davra suhbati o'tkazilib, 8 ming 700 nafar yoshlar ishtiroki ta'minlandi.

“Tashabbusimiz, iqtidorimiz, kuch qudratimiz – Vatan uchun!” shiori bilan uyushtirilgan “Talabalar shousi” oliy ta'lim muassasalarida to'lov-shartnoma shaklida tahsil olayotgan, O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tagan, harbiy qismlar qo'mondonligining tavsiyanomasiga ega bo'lgan, O'zbekiston yoshlar ittifoqining faol a'zosi bo'lgan 2022-2023-o'quv yilida moddiy qo'llab-quvvatlash uchun tavsiya qilingan 160 nafar talabaga (to'lov-shartnoma summasining 35 foizi)ni to'lab berish uchun Yoshlar ittifoqi tomonidan viloyatdagi oliy ta'lim muassasalariga salkam 470 million so'm miqdoridagi vaucher sertifikati topshirildi.

O'zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashining shu yil 30-maydagi oliy ta'lim muassasalarida “Yoshlar oyligi”ni yuqori saviyada tashkil etish to'g'risidagi 42-sonli farmoyishiga muvofiq belgilangan tadbirlar rejasiga ko'ra, barcha oliy ta'lim muassasalarida oylik doirasida “Bilim va tafakkurimiz – shu el uchun, shu yurt uchun!” shiori ostida turli festival, loyiha va tadbirlar yuqori darajada nishonlandi. “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”, “Uch avlod uchrashuvi, “Zakovat” turniri, “Kitobxon talaba va kitoblar ko'rgazmasi”, “Talant shou”, “Hokim va bitiruvchi talabalar uchrashuvi” va boshqa tadbirlar yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbirlarga 5 ming nafardan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi. O'tkazilgan barcha loyiha, tanlov va tadbirlar ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida yoritib kelinmoqda. Ayniqsa, “Yoshlar oyligi” yakunidagi gala kontsert yorqin lahzalarni ulashdi.

Viloyatda 31 ta harbiy qism va muassasada boshlang'ich tashkilot ochilgan bo'lib, harbiy qism va muassasalardagi boshlang'ich tashkilotlar bilan joriy yil yanvar-iyun oylarida jami 40 dan ortiq turli turkum tadbirlar o'tkazildi. 22 ming 310 nafar o'quvchi yoshlar va harbiy xizmatchilar ko'rik-tanlovlar, davra suhbati va uchrashuvlar, harbiy-sport musobaqalari, “Ochiq eshiklar kuni” sayohatlarida qatnashishdi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy madaniyatimiz va ma'naviyatimizni, urf-odatlarimizni chuqur o'rganish, buyuk siymolar va sarkardalarimizning vatanparvarlik tuyg'ularini misollar yordamida ifodalab berish hamda shonli tariximizni chuqur o'rgatish niyatida “Mard askar – yoshlar namunasi”, “Maktabimiz faxri”, “Vatan taraqqiyotiga hissa qo'shaman”, “Ibratli tengdoshim”, “Musiqa jangovar safda”, “Mening armiyam – mening faxrim!”, “Men – g'olib!”, “Askar onalarini sharaflaymiz”, “Mening akam – Vatan himoyachisi”, “Yoshlar tarbiyasida armiyaning o'rni”, “Mardlar qo'riqlaydi vatanni”,  “Ajdodlar izidan”, “Zakovat”, “Inson muqaddas – xotira abadiy”, “Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi”, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz”, “Vatan muqaddas – uni himoya qilish yangi O'zbekiston yoshlarining sharafli burchidirkabi qator tadbirlar, loyihalar va tanlovlar tashkillashtirildi.

 “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o'rganish va targ'ib qilish maqsadida yoshlarni kitob o'qishga bo'lgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda o'zbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uyg'otishda Namangan viloyati axborot-kutubxona markazida, “Yangi O'zbekiston – yoshlar ziyo maskani”da va Hamid Olimjon va Zulfiya muzeylarida kechgan “Eng yaxshi harbiy kitobxon”, “Navoiyxonlik va Boburxonlik”, “Zukko kitobxon”, “Kitobxon harbiy” tanlovlarining Namangan viloyati bosqichida 1 ming 500 nafar yosh harbiy xizmatchi o'zaro bellashdi. Umumta'lim hamda o'rta maxsus, professional ta'lim muassasalari o'quvchilari o'rtasida sog'lom turmush tarzini tatbiq etish, ularni qutqaruvchi kasbiga undash, harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, favqulodda vaziyat yuz berganda to'g'ri harakatlanish, yoshlarda vatanga sodiqlik tuyg'ularini shakllantirishda “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”, “Shunqorlar” musobaqalarining mahalla, tuman va shahar, viloyat bosqichlarida 25 ming nafarga yaqin yoshlar qamrab olindi.

Umuman, Yoshlar ittifoqi Namangan viloyat kengashi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2022-yil birinchi yarim yilligida o'tkazgan tadbirlar soni 45 tani tashkil etgan bo'lsa, joriy yilda bu ko'rsatkich 70 dan oshgan va yoshlar qamrovi ham sezilarli o'sdi.

Darvoqe, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 14 iyul sanasida Prezidentlik lavozimiga kirishish marosimida O'zbekiston yoshlariga yo'llagan o'ziga xos murojaati dasturilamalimizga aylanmoqda. “Aziz o'g'il-qizlarim, bugun tarixning o'zi, zamonning o'zi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda. El-yurt koriga avvalo kim yaraydi? Albatta, sizlar! Yangi O'zbekistonni, Uchinchi Renessansni kim barpo etadi? Albatta, sizlar! Yurtimiz, xalqimizni kelajakda kim rozi qiladi? Albatta, sizlar! Xalqimiz, Vatanimiz sizlarga ishonadi. Sizlar O'zbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz!..” degan purma'no fikrlari faoliyatimiz mezoniga, millionlab qorako'zlarni yuksak marralarni zabt etishga ruhlantiruvchi da'vat bo'ldi.

Yaqinda viloyatimiz bo'ylab ajoyib xushxabar tarqaldi. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 914-sonli qaroriga binoan, O'zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida erishgan yutuqlari, tizim rivojiga qo'shgan hissasi, tabiiy yetakchilik qobiliyati va fidoyiligi alohida inobatga olinib, respublikamiz bo'yicha 14 nafar eng munosib yigit-qiz oliy o'quv yurtlariga imtiyozli qabul qilish huquqiga ega bo'ldi. Namangan viloyatidan Chust tumani, “Toymas” MFYdagi 20-umumta'lim maktabining jamoatchilik asosida boshlang'ich tashkilot yetakchisi Madina Habiyaliyeva oliy ta'lim muassasasiga imtiyoz asosida muddatidan avval talabalikka tavsiya etildi.

Ha, qo'lga kiritgan muvaffaqiyatlarimiz talaygina, kamchiliklarimizni ham tan olishimiz kerak va ularni bartaraf qilish ustida erta-yu kech astoydil izlanishdamiz. Zero, Yurtboshimiz bot-bot uqtirganidek, Yangi O'zbekistonning bunyodkori yoshlar bo'ladi!

Azizbek TOSHMATOV,

O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Namangan viloyat kengashi raisi