Yoshlar bilan doimiy muloqot qilish mazkur sohadagi dolzarb muammolarni aniqlash va hal etishda davlat organlari va jamoat tashkilotlari faoliyatining ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Shu bilan birga, yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, innovatsion gʻoyalar, loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish, iqtidorli talabalar, yosh olimlar va tadbirkorlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish boʻyicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Biroq yoshlar bilan bogʻliq bir qator muammolar ham yoʻq emas. Xususan, maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilda respublikamizda jami sodir etilgan jinoyatlarning qariyb 37 foizi yoshlar tomonidan sodir etilgan.
Taʼkidlash lozimki, yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olishda, birinchi navbatda, ularning asl sabab va shart-sharoitlarini aniqlash talab etiladi. Nega deganda, har qanday jinoyatlarning oldini olishda, avvalo, ularni keltirib chiqargan sabablar hamda shart-sharoitlar toʻgʻri aniqlanishi lozim.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda respublikamizning barcha hududlarida jinoyatchilikning, shu jumladan, yoshlar jinoyatchiligining sabab va shart-sharoitlari oʻrganilib, ularni bartaraf etish boʻyicha ilmiy va amaliy asoslangan yangi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyatida IIV Akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda Termiz shahar prokuraturasi hamkorligida yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning omillari ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilindi hamda Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da viloyat yoshlar yetakchilari ishtirokida muhokama qilindi.
Oʻrganish va tahlillar oiladagi nosogʻlom muhit, taʼlim muassasalaridagi tarbiyaviy jarayonlarning yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagani, atrofdagilarning salbiy taʼsiri, huquqiy madaniyatning yetishmasligi, ishsizlik, mutasaddi tashkilotlarning yoshlar masalasiga yuzaki munosabatda boʻlishi, yoshlar boʻsh vaqtining mazmunli va maqsadli tashkil etilmasligi kabilar yoshlar jinoyatchiligining asosiy omillari sirasiga kirishini koʻrsatmoqda.
Tadbirda yoshlarning keng qatlamlariga daxldor boʻlgan dolzarb masalalar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, joylarda, avvalo, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan koʻp sonli yoshlarning oʻz iqtidor va isteʼdodini roʻyobga chiqarishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun keng sharoitlar yaratish, ularni turli zararli illat va yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilishda mutasaddi tashkilotlar hamda keng jamoatchilik oʻrtasida mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligi eʼtirof etildi.
Farhod PRIMOV,
IIV Akademiyasi kriminologiya kafedrasi boshligʻi