Marg'ilon shahridagi Navro'z MFY hududida yangi tashkil etilayotgan ''Yoshlar'' kichik sanoat zonasida ulkan bunyodkorlik ishlari avjida. Maydoni 4.0 gektarni tashkil etadigan ushbu kichik sanoat zonasida 22 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning ishga tushirilishi natijasida 850 dan ortiq ishchi o'rni yaratilib, bir yilda 92,6 milliard so'mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda barcha lotlarda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Xususan, 4 ta lot bo'yicha asosiy qurilish-montaj ishlari yakunlanib, pardozlash ishlari amalga oshirilyapti. 12 ta lotda tom yopish ishlari boshlangan. Shuningdek, 2 ta loyiha egalari tomonidan ishlab chiqarish dastgohlari olib kelinib, montaj ishlari olib borilmoqda. “Jahon ichra” oilaviy korxonasi ham shular jumlasidan. Loyiha qiymati 1 milliard 200 million so'm bo'lib, korxonada kattalar va bolalar uchun mavsumiy paypoqlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi.
— Shahardagi “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga ro'yhatga olingan 20 nafar fuqarolarning bandligini ta'minlashni maqsad qilganmiz, — deydi korxona rahbari Shahnoza Sulaymonova. — Hozirgi kunda xorijdan keltirilgan zamonaviy dastgohlarda ish olib boryapmiz. Mahsulotlarimizni nafaqat ichki bozorga, balki xorijiy mamlakatlarga ham eksport qilish maqsadidamiz.
Abdumannob MANSUROV,
Marg'ilon shahar hokimligi Axborot xizmati rahbari