“Yoshlar kundaligi” muammolari hal etiladimi?

    Nurafshon shahrida joylashgan Yoshlar markazida Toshkent viloyatida 2020-2021-yillar davomida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ijrosi va “Yoshlar kundaligi” media-loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi maʼsullari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mazkur media-loyihaning asosiy maqsadi bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda tobora faol yoshlarning axborot hurujlaridan himoya qilish va ularni birlashtirish boʻyicha yangi tajriba haqida jurnalist va blogerlarga atroflicha maʼlumot berildi.

    Maʼlimotlarga koʻra, respublikamiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Jumladan, Toshkent viloyati aholisining bir yarim milliondan ortigʻi 30 yoshgacha boʻlganlar yoshlar hisoblanadi. Ishlab chiqilgan ushbu loyihaning asosiy vazifasi ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar murojaatlari bilan ishlash, jismoniy va intellektual salohiyatlarini yuzaga chiqarish, ularga viloyat va respublikamiz miqyosidagi rasmiy axborotlarni tezkor va oʻziga xos uslubda yetkazishga yordam beradi.

    — Loyiha 5 yoʻnalishda olib boriladi,— deydi “Yoshlar kundaligi” shtab aʼzosi,bloger Otabek Mirzayev.— Murojaatlar bilan ishlash orqali yoshlarning muammolarini hal qilish,“Yosh jurnalistlar” oʻquv kurslarini tashkil etib, hududlardagi mobil muxbirlar guruhi shakllantirildi. Mediaga qiziqqan yosh tik-tokerlar, instagram faollari, QVZ, vaynerlar hamda madaniyat va sanʼatga qiziqishi boʻlgan yoshlarni jamlash orqali ularning orzularini roʻyobga chiqarish, “Zakovat”, “UzQUIZ” kabi intellektual onlayn tanlovlar orqali salohiyatli yoshlar aniqlanadi. Yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirish orqali Prezidentimiz ilgari surgan Beshta muhim tashabbus targʻib etiladi.

    “Yoshlar kundaligi” loyihasi yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini oʻz ichiga qamragan holda hozirgi axborot-texnologiyalari rivojlangan va rivojlanayotgan davrda viloyatdagi barcha shahar-tumanlar hududida istiqomat qilayotgan yoshlarni umumiy bir gʻoya ostida birlashtiradi.

    — Maqsadimiz viloyatda yashayotgan 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan qariyb 640 mingdan ortiq yoshlarni toʻliq qamrab olish va ularning real ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini oʻrganishdir, – deydi “Yoshlar kundaligi” aʼzosi Dilfuza Roʻziyeva. – Ular bilan ortiqcha toʻsiqlarsiz muloqotga kirishamiz, murojaatlari bilan ishlab, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun kredit olish, dexqonchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyishlari uchun yer maydonlari ajratish, uy-joy bilan taʼminlash, doimiy ish bilan band qilish, huquqiy maslahatlar beriladi.
    Shuningdek,oʻzlaridagi isteʼdodni namoyon qilishi bilan bogʻliq muammolari boʻyicha maʼlumotni toʻgʻridan toʻgʻri olib, uni tegishli mutasaddi idoralarga ijro uchun yetkazish hamda tizimli hal etishdan iborat. Shuningdek, kelib tushayotgan murojaatlar asosida tahliliy ishlarni oʻtkazish orqali yoshlarni qiynayotgan hamda eng koʻp savol tugʻdirayotgan muammolar boʻyicha aniq javob topishlari va qayerga borib murojaat etishlari borasida hamda sarsongarchilikning oldini olish maqsadida Media-studiyada davlat tashkilotlarining masʼul xodimlari ishtirokida roliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda yoritiladi.

    Taʼkidlash joizki, “Yoshlar kundaligi” loyihasi doirasida yoshlar bilan tizimli va samarali ishlash maqsadida, telegram boti ishga tushirilgan.

    — Toshkent viloyati yoshlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatilishi yoʻlga qoʻyildi,—deydi shtab aʼzosi Dilshoda Annayeva. — Mazkur telegram-botga shu vaqtga qadar mingga yaqin murojaatlar kelib tushdi. Ammo murojaatchi oʻzining murojaatida telefon raqami va manzilini toʻliq koʻrsatmaganligi hamda oʻz telegram-akkauntini yopiq tarzda yuritayotganligi sababli, u bilan bogʻlanish imkoni yoʻqligi aniqlandi. Endilikda mazkur bot orqali yoshlarni murojaatlari bilan ishlashda qulaylik yaratildi.

    Tadbir soʻngida tashkilotchilar tomonidan “Yoshlar kundaligi” ning uch nafar yosh aʼzolariga mobil muxbirlik faoliyatini boshlashi uchun smartfonlar topshirildi.

    Nigora Oʻrolova,

    jurnalist