Oʻzbekiston haqiqiy maʼnoda yoshlar mamlakati. Bu yurtda ulgʻayayotgan yigit-qizlarning orzulari va oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari bisyor. Bu orzu va maqsadlarni amalga oshirishda davlat rahbarining tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashi ularga koʻmak beradi. Prezidentimizning: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”, degan soʻzlari yoshlar uchun katta marralar sari yoʻl ochdi.
Bu gaplardan xalqimiz hayotida yoshlarning oʻrni nihoyatda muhim ekanligini anglash mumkin. Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” nomli kitobni oʻqir ekanman, soʻnggi yillarda mamlakatimizning dunyoga har taraflama ochilayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan qator tashabbuslar, xususan maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ezgu ishlarda avvalo yoshlar manfaati birinchi oʻringa qoʻyilyapti.
Oʻtgan yili yurtimiz boʻylab tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostidagi maʼnaviy-marifiy tadbirlarda ham asosiy eʼtibor yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ularning axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratildi. Bu borada 14 ta hududiy targʻibot guruhi oʻz faoliyatini boshladiki, ular zimmasiga “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” tushunchasining mazmun-mohiyatini keng xalq ommasiga vazifasi yuklandi. Bunda har bir tuman, shaharning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, oʻsha hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi keng qatlamiga yetkazilishi taʼminlandi.
Yoshlar siyosati boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil eta turib davlat va yoshlarning bir-biriga uzviy bogʻliqligini koʻrishimiz mumkin. Zero, har bir sohaga har tomonlama yetuk, jamiyatni taraqqiy toptirishga hissa qoʻsha oladigan yoshlar kerak. Shu maʼnoda bugun har bir yoʻnalishda yoshlarning bandligini taʼminlash, bu borada ularning zamonaviy, puxta bilim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Zero, qaysi soha eʼtiborga muhtojligini ilgʻab, chuqur va har tomonlama oʻylanib amalga oshirilgan islohotlargina xalqning mushkulini oson, ogʻirini yengil, turmushini farovon qiladi, muammolariga yechim topib beradi. Bajarilayotgan ishlar zamirida bugungi muammolarni yechish bilan birga uzoq kelajak ham koʻzlangan boʻlishi lozim. Achchiq boʻlsa ham tan olish kerak, uzoq yillar mamlakatimizda jamiyatning rivojlanish tendensiyalari, aholining demografik oʻsishi, salmoqli qatlam boʻlgan yoshlarning intilishi, global texnologik jarayonlarni hisobga olmagan holda taʼlim tizimida oʻtkazilgan islohotlar kutilgan samarani bermadi.
Hozirgi kunda esa, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali koʻplab tengdoshlarimiz taʼlimni chet elda olishmoqda. Ular oʻqishni tamomlagach, yurtimizga kelib, vatanimiz ravnaqiga hissa qoʻshishni oʻz oldilariga maqsad qilib olishgan. Yana shuni ham taʼkidlash joizki, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun ham mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.
Ushbu normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishda ham asosiy maqsad yoshlar manfaati ularning bandligiga qaratilgan. Shu oʻrinda Prezidentimizning yoshlarga qarata aytgan quyidagi soʻzlarini taʼkidlashni oʻrinli deb topdik: “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning gʻayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, koʻnglim togʻday koʻtariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman”.
Davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga bergan javobida taʼkidlaganidek, “Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yoʻlimiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli boʻlmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning oʻzi turli muammo va vazifalarni oldimizga koʻndalang qoʻydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qatʼiyatimiz baʼzan yetsa, baʼzida yetmagan holatlar ham boʻldi”. Davlat rahbari taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga qaramasdan hali hal qilishimiz lozim boʻlgan muammolarimiz yetarlicha. Oʻzim ham oddiy bir talaba sifatida haqiqatdan hal qilinishi lozim boʻlgan bir qancha muammolarni aytib oʻtishni joiz topdim. Xususan, mamlakatimizning aksar oliy taʼlim muassalarida taʼlim sifatining pastligi, talaba yoshlarni bir joyda birlashtira oladigan yoshlar yetakchilarining yetishmasligi, taʼlim jarayoniga malakali oʻqituvchi-professorlarning keng jalb qilinmaganligi, aksariyat oliy taʼlim muassalarida talabalarda yotoqxonalarga boʻlgan ehtiyojning yuqoriligi, talaba yoshlarning oʻquv dasturlarida soha mutaxassisligiga oid dars soatlarining kamligi va kabi yana bir qancha masalalar mavjud. Ularning har biri oʻz yechimini kutmoqda. Ammo shuni taʼkidlash kerakki, bu muammolarning asosi xohlaymizmi, yoʻqmi mamlakatning taʼlim tizimiga va unda amalga oshirilayotgan islohotlarga bevosita bogʻliq, chunki deyarli barcha kasbdagi mutaxassislarimiz asosan mamlakatimiz oliy taʼlim tizimining mevasidir. Men shunga ishonamanki, davlatimiz rahbari boshchiligida soʻnggi yillarda tashqi va ichki siyosatda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli bu muammolar albatta yechimini topadi va ushbu muammolarni hal qilishda bilimli, intiluvchan, faol, iqtidorli, chet el taʼlimini olgan yoshlarimiz asosiy oʻrinni egallaydi.
Faxriddin ISMOILOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
fakulteti talabasi