Yoshlar — kelajagimiz poydevorini barpo etuvchi qimmatbaho boylik. Ularni qoʻllab-quvvatlashga oid saʼy-harakatlar zamirida shu haqiqat yotibdi. Dunyo hamjamiyati Oʻzbekistonda yosh avlodga qaratilayotgan eʼtibor, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlarni eʼtirof etmoqda. Bunday eʼtiborning navbatdagi yorqin namunasiga Prezidentimizning yaqinda yoshlar bilan muloqotida yana bir bor amin boʻldim.
Bugun mamlakatimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ziyod yigit-qiz kirib kelmoqda. 2030-yilga borib, bu koʻrsatkich 1 millionga yetishi kutilyapti. Bu juda salmoqli raqam. Xoʻsh, yoshlarning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishiga qanday qilib yordam berish mumkin? Shubhasiz, bu borada maktablarning oʻrni katta.
Bola hayotning oq-qorasini endi taniy boshlagan pallada maktabga qadam qoʻyadi. U yerda taʼlim oladi, yon-atrofidagilar bilan muloqot qilishni oʻrganadi. Orzu-maqsadlarga erishish uchun harakat qiladi. Qisqasi, maktab inson uchun haqiqiy kamolot dargohi.
Maktabda aʼlo baholarga oʻqigan, oʻz oldiga ulkan maqsadlar qoʻygan, ilm yoʻlini tanlagan har bir oʻgʻil-qiz keyingi maʼrifat dargohi oliygoh boʻlishini istaydi. Ilgari bunday imkoniyat barcha yoshga ham nasib etavermasdi. Sababi, oliy taʼlimda bitta oʻrin uchun oʻnlab abituriyent kurash olib borishga majbur edi. Bugun esa oliygohlar soni 3 barobar oshgani natijasida oliy taʼlimga yoshlarning 42 foizi qamrab olinmoqda. Ayniqsa, oʻquv shartnoma summasi davlat tomonidan toʻlab berilayotgani hisobiga OTMlarda oʻqiyotgan ayol-qizlar soni 11 karra koʻpaydi.
Yoshlar, jumladan, bitiruvchi yigit-qizlarga imkoniyatlar tobora koʻpayayotgani ularning oʻziga ishonchini mustahkamlash bilan birga, taʼlim sohasi xodimlari uchun ham oʻzgacha quvonch bagʻishlaydi. Sababi, biror ustoz yoʻqki, shogirdlarining kamolotini istamasa.
Bugun imkoniyatlarning salmogʻi ancha katta. Yoshlar oʻz oldiga qanday ezgu maqsad qoʻymasin, barchasiga erishishi uchun qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bunga misol, bugun dunyodagi nufuzli universitetlarda 1500 dan ziyod oʻzbekistonlik yigit-qiz tahsil olmoqda. Birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻnggi 7 yilda 2300 vatandoshimiz xorijga oʻqishga ketdi. Mazkur koʻrsatkich avvalgi 25 yilda 800 nafar edi.
Bitiruvchilar orasida tadbirkorlikni tanlagan yoshlar ham koʻpchilikni tashkil etadi. Bu oʻz-oʻzidan ayni masalaga ham befarq qaramaslik kerakligini anglatadi. Davlatimiz rahbari joriy yil 14-fevral kuni yoshlar bilan muloqotida yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan
3 ta muhim hujjat imzolanganini maʼlum qildi. Bu qarorlardan birinchisiga koʻra, Yoshlar agentligi huzurida jamgʻarma tuzilib, unga 100 million dollar mablagʻ ajratiladi. Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit beriladi. Startap loyihalariga 2 milliard soʻmgacha investitsiya kiritiladi.
Mamlakatimizda yoshlar uchun sifatli taʼlim va tadbirkorlik muhitini yaratish borasidagi ishlar natijadorligi va uzoq muddatga moʻljallangani bilan diqqatga sazovor.
Ilhomjon JOʻRAYEV,
Fargʻona tumanidagi
55-maktab direktori