Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tasarrufidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida bilim olayotgan oʻquvchilarning yuqori natijalarga erishayotganlarida shu yerda faoliyat olib borayotgan oʻqituvchilarning hissalari kattadir. Jumladan, litseyning “Musiqa nazariyasi” kafedrasi tomonidan har oʻquv yilida belgilangan dastur va rejalar asosida “Fan oyligi” oʻtkazib kelinmoqda. Xususan, joriy yilning aprel oyi “Musiqa nazariyasi” kafedrasida “Fan oyligi” deb belgilandi. Mazkur oyda kafedra mudirlari Gulnora Tashpoʻlatova va Nodira Haydarova boshchiligida oʻqituvchilar Zarina Hodiyeva, Dildora Kamolova, Ulugʻbek Jalolov hamda Gulxumor Abdusamatovalar litseyda tahsil olayotgan 378 nafar oʻquvchilarning musiqiy-nazariy bilimlari saviyasini sinovdan oʻtkazish hamda bitiruvchi oʻquvchilarni davlat imtihonlariga tayyorlash maqsadida “Fan olimpiadasi” ni olib bordilar.

Olimpiada doirasida barcha oʻquvchilar ishtirokida “Musiqa adabiyoti” hamda “Maqom alifbosi” fanlaridan test savollari va musiqiy viktorina, «Solfedjio» fanidan melodik diktant hamda 1 va 2 ovozlik misollar kuylash, “Musiqa nazariyasi” fanidan misollar yechish, shuningdek, “Garmoniya” fanidan test savollari, sekvensiya hamda kadensiyalar chalish bellashuvi boʻlib oʻtdi. Bellashuv oʻquvchilar uchun qiziqarli tus olib, 378 nafar oʻquvchilar orasidan 65 nafari faxrli oʻrinlarni egalladilar. Shuningdek, RIMAL kutubxonasida Zarina Hodiyeva va Nodira Haydarova boshchiligida Musiqa nazariyasi kafedrasi tomonidan musiqa adabiyoti fani boʻyicha interfaol dars tashkil yetilib, 6-7 sinf oʻquvchilari uchun qiziqarli maʼruza oʻtkazdilar. Eng yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni munosib ragʻbatlantirish, shuningdek, kafedraning “Fan oyligi” yakuni natijalarini eʼlon qilish maqsadida 29-aprel sanasida litseyning faollar zalida “Taqdirlash konserti” boʻlib oʻtdi.

“Musiqa nazariyasi” kafedrasi oʻqituvchilari Surayyo Abdumalikova, Nataliya Chapligina, Ulugʻbek Jalolov, Zarina Hodiyeva va Gulxumor Abdusamatova tomonidan tayyorlangan chiqishlar konsert dasturidan oʻrin oldi. Xormeyster Surayyo Abdumalikova hamda joʻrnavoz Nataliya Chapliginalar boshchiligida 5-6 sinf oʻquvchilaridan tashkil topgan litseyimizning xor jamoasining Dilorom Omonullayeva musiqasi, Tohir Mullaboyev soʻzi bilan “Turkiston farzandlarimiz” nomli qoʻshigʻi tadbirni koʻtarinki ruhda ochib berdi. Shuningdek, Nadim Norxoʻjayev musiqasi bilan “Diyor madhi” va “Ona yer taronasi” qoʻshiqlari ijro yetilib, tinglovchilarga manzur boʻldi. Tadbir davomida oʻqituvchi Ulugʻbek Jalolovning fortepiano cholgʻusida Ramazon oyiga bagʻishlab yozilgan “Ramazon taronasi” nomli mualliflik asarini mahorat bilan ijro yetilib, tinglovchilar tomonidan olqishlar bilan iliq kutib olindi.

6-sinf oʻquvchilarining “Maqom alifbosi” faniga bagʻishlangan chiqishlari ishtirokchilarda oʻzgacha taassurot qoldirdi. Konsert bir-biridan oʻzgacha chiqishlar bilan qizgʻin tus ola boshladi. Jumladan, 6 sinf oʻquvchilari Mahkamboyev Yoqubjon va Shukurov Muhammadjonlar ijrosida “Raqs” kuyining fortepiano va doira joʻrligidagi ijrosi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi aʼzosi, oʻqituvchi Zarina Hodiyeva tomonidan fortepiano cholgʻusida yangragan jozibali “Askiya» nomli mualliflik asari zalda oʻtirgan tomoshabinlar koʻnglidan joy oldi. Shundan soʻng, 5-9 sinf hamda II va IV bosqich oʻquvchilari litseyning musiqa boʻlimi direktor oʻrinbosari Qadam Ismoilov va Musiqa nazariyasi kafedrasi mudiri Gulnora Tashpoʻlatova tomonidan tantanali ravishda diplomlar bilan ragʻbatlantirildi.

Tadbir yakunida milliy mumtoz musiqamizni ulugʻlab, bir qator chiroyli chiqishlar namoyish etildi. Shular qatorida Navoiy gʻazaliga yozilgan “Koʻrmadim” mumtoz ashulasining zamonaviy Yevropa cholgʻularida chalinishi mumtoz musiqaga zamonaviy qarash sifatida namoyon boʻldi.

Gulxumor ABDUSAMATOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tasarrufidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi oʻqituvchisi