Yoshlar Senat faoliyati bilan yaqindan tanishdi

    Keyingi avlod 17 Yanvar 2024 1414

    2024-yil 16-yanvarda “Parlamentda yoshlar oʻrni” loyihasi doirasida Oliy Majlis Senati binosida yoshlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Senatorlar va OʻzLiDeP siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari iqtidorli yoshlar bilan suhbatlashdilar.

    Muloqot davomida Senatning asosiy faoliyati, xususan parlament yuqori palatasining vakolatlari, senatorlar faoliyatining huquqiy asoslari, senatorlar huquq va majburiyatlari, qonunlar ijrosi boʻyicha parlament nazoratini olib borishning ayrim jihatlari toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.

    Shuningdek, bugungi kunda dolzarb qonunlarni qabul qilish, davlat dasturlarining ijrosini taʼminlash, parlament nazoratini olib borish, ijro organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldidagi hisobdorligini oshirish parlament faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari ekanligi qayd etildi.

    Senatning mahalliy Kengashlar va yoshlar bilan hamkorligi, qonunlar muhokamasida hududlar manfaati qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi bilan bogʻliq qator savollarga yoshlar javob oldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Mazkur uchrashuv yoshlarning amaliy va nazariy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha “muloqot maydoni”ga aylandi.