Prezidentimizning 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-

Farmon bilan yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni doimiy ish bilan band qilish, qoʻshimcha daromad olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha quyidagi tartib joriy qilindi.

Unga muvofiq:

a) 2021-yil 1-maydan boshlab, 2023-yil 1-yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan toʻliq qaytarib beriladi. Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va oʻzini oʻzi band qilishga zarur boʻlgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan subsidiya ajratiladi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga davlat mulkini ijaraga olishda ijara toʻlovlaridan imtiyozlar taqdim etiladi.

2021-yil 1-iyundan boshlab, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha boʻlgan miqdori “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Professional taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab-chiqarish yoki xizmat koʻrsatish korxonalarida amaliyot oʻtagan vaqtida, biroq olti oydan koʻp boʻlmagan muddatda professional taʼlim tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida har oylik subsidiya ajratiladi.

Xususiy korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan hamda faoliyat boshlaganiga olti oydan oshmagan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida oʻqitish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha boʻlgan qismi mazkur xususiy korxona va tashkilotlarga Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Farmonning 5-bandiga asosan AT “Xalq banki”ning hududlarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularni biznesga tayyorlash, maslahat berish va bandligini taʼminlash maqsadida “Yuz ming tadbirkor xotin-qizlar” loyihasini amalga oshirish doirasida;

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, ixtisoslashuvi va boshqa xususiyatlarini inobatga olib, qiymati 33 million soʻmgacha boʻlgan tayyor biznes-rejalar banki yaratiladi;

oʻttiz yoshgacha boʻlgan xotin-qizlarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, mos yoʻnalishlar boʻyicha (oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik va boshqalar) malakali mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari va oʻquv treninglarni tashkil etiladi.

Mazkur Farmonning 8-bandiga asosan 2021-yil 1-maydan boshlab dehqon xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanayotgan yoshlarni sektor, klaster va fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan patronajga olish tizimi joriy qilinadi. Bunda, sektor, klaster va fermer xoʻjaliklari rahbarlari tomonidan “ustoz-shogird” tamoyili asosida yoshlarga ajratilgan yer uchastkalarini oʻzlashtirish, agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish, yerlar hosildorligini oshirish, yetishtirilgan mahsulotni realizatsiya qilish va boshqa masalalarda yordam koʻrsatiladi;

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan dehqon xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanayotgan yoshlarga “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari” jamgʻarmalari hisobidan urugʻliklar va koʻchatlarni xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari miqdorigacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, mamlakatimizning barcha tuman (shahar)larida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etiladi.

A.Xatamov,

Oʻzbekiston Savdo sanoat palatasi

Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazi

Ishtixon tuman boʻlinmasi rahbari