Kuni kecha yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida davlatimiz rahbari yoshlarni har tomonlama ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha yurtimizda so'nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlarni ziyolilar va jamoatchilik vakillariga chuqur tahlillar asosida tushuntirib berdi.
So'nggi yillarda yoshlarni har tomonlama moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash ishlari muntazamlik tusini olganiga qaramay, ularning ayrimlarida ma'naviy qashshoqlashuv kuzatilmoqda. Bu esa insonning o'z xalqi, vataniga daxldorlik hissi zaiflashuviga olib kelmoqda. Insonlarda daxldorlikning susayishi mafkuraviy immunitetining pasayishi bilan o'zaro bog'liq bo'ladi, natijada u sekin-asta ma'naviy tahdid va mafkuraviy xurujlarga qarshi o'zida kuch topa olmay, zaiflashib boradi. Bu esa, albatta, shu sohada yo'l qo'yilayotgan xato va kamchiliklarni o'z vaqtida tahlil qilishga undaydi.
Shaxsning har qanday masala o'zi uchun muhim ekanini anglashi va shunga mos ish tutishi undagi daxldorlik fazilatining qay darajada shakllanganini bildiradi. Jamiyat taraqqiyotiga nisbatan daxldorlikni tushunib yetgan inson ana shu jamiyatni farovon qilishga shakllantirishga intilib yashaydi. Inson o'z huquq va erkinliklariga ortiqcha erk berishi ma'naviyatning izdan chiqishiga sabab bo'lib qolmoqda. Shu ma'noda fuqarolik jamiyatining shakllanishi jarayonida huquq va erkinliklari oshishi insoniylik me'yorlaridan og'ish holatlariga olib kelmoqda. Buni jahonning ayrim rivojlangan mamlakatlarida yaqqol namoyon bo'layotgan oila institutining global inqirozida ko'rishimiz mumkin. Bunda “oilaga daxldorlik” “oilaga loqaydlik”, “oilaga befarqlik”ka aylangach, ularning axloqi nikohsiz turmushni, oiladagi ajralishlarni, ota-onalarning biridan iborat oilalarni, bir jinsli nikohni normal holat deb qabul qilmoqda.
Shunday global inqirozning yurimizga ham kirib kelishi tahdidi mavjud va buni o'z vaqtida anglab olish o'ta muhim. Yig'ilishda aynan shunday xavf-xatarlarga qarshi qat'iy kurashish yo'llari ochib berildi. Darhaqiqat, yoshlarning o'z hayotiga daxldor narsaga loqayd qarashi ertami-kech ularni halokat yoqasiga olib keladi.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda qonunga rioya qilish, huquq va erkinlikni ta'minlash hamda tartib-intizom o'rnatish muhim rol o'ynaydi. Chunki qaysiki shaxsda loqaydlik yoki bepisandlik kayfiyati kuchli bo'lsa, uning qonunga rioya qilishini ta'minlash shunchalik murakkablashadi. Yoshlarimizdagi loqaydlik va befarqlikni bartaraf etib, o'rniga daxldorlik tuyg'usini shakllantirish ulardagi ma'naviyatning yuksalishi bilan bog'liq masaladir. Sababi, ma'naviyati yuksak yoshning irodasi ham kuchli bo'ladi. U adolatsizlikka befarq qarab tura olmaydi. Ma'naviy qashshoq odam loqayd bo'lib, o'z ma'naviyatini, ma'naviy fazilatlarini yuksaltirishga harakat qilmaydi. Shu bois, o'zidagi befarqlikdan xalos bo'lib yashashi uchun har bir yosh yigit-qizni ma'naviy yuksaltirish lozim.
Ma'naviy tarbiya xuddi ob-havo kabi bir millatga, mamlakatga emas, butun insoniyatga daxldor masaladir. Chunki ma'naviyatning tubanlashib, sayozlashib ketishi chegara bilmaydigan muammolarni, insoniyatning qirilishi, falokat yoqasiga borib qolishi xavfini keltirib chiqarishi mumkin.
Yurtimizda bugun asosiy e'tiborni yoshlar o'rtasidagi befarqlik kayfiyatini yo'qotishga qaratish zarur. Chunki fuqarolik jamiyatining mohiyati fuqarolar o'rtasidagi jipslik, birdamlikdan, ya'ni bir fuqaro ikkinchi bir fuqaro va uning taqdiriga befarq bo'lmasligidan iboratdir.
Shunday ekan, bugungi kunda ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy sohada faoliyat yuritayotgan har bir faol fuqaroning asosiy vazifa va burchlaridan biri odamlardagi befarqlik kayfiyatini yo'qotib, daxldorlik tuyg'usini rivoj toptirishdan iborat. Buning uchun esa loqaydlik hodisasini va loqaydlikni keltirib chiqaradigan holat va sabablarni aniqlash kerak bo'ladi.
Xo'sh, loqaydlikning sababi nimada? Loqaydlikni keltirib chiqaradigan sabablardan biri mas'uliyatsizlik illatining ko'p uchrashi hisoblanadi. Ya'ni dangasa odam nimanidir bajarish uchun o'zida mas'uliyat his qilmaydi. Buni men emas, boshqa odam bajarishi kerak yoki umuman bajarmasa ham bo'laveradi, deb o'ylaydi. Natijada aynan o'sha ish bajarilmay qolib, uni bajarmagan shaxsdan ko'ra jamiyatga ko'proq zarar yetadi. Loqaydlik sobiq ittifoq davrida avj oldi. Chunki o'sha zamonlarda jamiyat hayotida biror muammo paydo bo'lsa, “uni markaz hal qilishi kerak”, degan tushuncha odamlarga singdirib yuborilgan edi. Aslida esa imperiya davrida bizni “ikkinchi darajali odamlar” deb hisoblashar va o'zimizning muammolarimizni hal qilishga haqimiz yo'q edi. Shu tariqa xalqimiz daxldorligining doirasi sun'iy ravishda toraytirib qo'yilgandi.
Loqaydlik sabablaridan yana biri egoizm — xudbinlik, o'z manfaatini jamiyat manfaatidan ustun qo'yish illati sanaladi. Ya'ni qachonki odam egoizmini jilovlab, o'z manfaati bilan jamiyat manfaatini uyg'un qo'ysa, befarqlikdan xalos bo'lib yashay boshlaydi. Faqat o'z manfaatini o'ylab yashaydigan, egoist odam adolat bilan razolat o'rtasidagi kurashda befarq bo'lib yashaydi.
Buyuk bobomiz Alisher Navoiy ham ogohlik va hushyorlik haqida yozar ekan, har bir inson jaholatdan yiroq bo'lishi lozimligini, buning uchun esa odam g'aflat uyqusidan uyg'onishi kerakligini ta'kidlaydi. Mutafakkirning “Munojot” asarida quyidagi satrlar bor:
Ilohi, g'aflat uyqusidamen, bedor qil va
jaholat mastligidamen, hushyor qil.
Ilohi, ul bedorlig'ni ogohlikka etkur va
bu hushyorlig'ni beishtibohlikka ulandur.
Ya'ni g'aflat uyqusidan bedorlik va jaholat mastligidan hushyorlik ogohlikka etkazadi va bu hushyorlik beishtibohlikka (ishonchga) ulanadi, deydi.
Agar inson befarqligi oqibatida o'ziga va boshqalarga, hatto butun boshli jamiyatga zarar yetishini, taraqqiyot, rivojlanishning ildiziga bolta urishini anglab yetsa, hech qachon bu illatga bo'yin egmaydi.
Bugun ertamiz bo'lgan yoshlar tarbiyasi uchun barchamiz birdek mas'ulmiz. Ularning har bir xatti-harakati barchamizning e'tiborimiz markazida bo'lmog'i lozim. Zero, Abdulla Avloniy bobomiz ta'kidlaganidek, “Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”.
Eldor Shermanov,
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institut rektori v.b,
pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD)









