Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, Yoshlar parlamentlari va Yosh qonunshunoslar klubi aʼzolari ishtirok etdi. Shuningdek, Konrad Adenauer nomidagi fond hamda Turkiya Xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish agentligining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari, Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi Tadqiqot departamenti, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti devoni moddiy-texnika taʼminoti boʻlimining “Parlamentarizm instituti”, Turkiya Respublikasi hamda Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonalari vakillari hamda xorijiy ekspertlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Mazkur tadbir Oʻzbekistonda yoshlarning elektoral madaniyatini oshirishning dolzarb masalalari hamda elektoral madaniyatni rivojlantirishning zamonaviy vositalari va shakllaridan foydalanish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, yoshlarda bu boradagi xorijiy davlatlar tajribasining ijobiy jihatlarini oʻrganish maqsadlariga qaratilgan.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi muhim siyosiy jarayon ekanligi, mazkur jarayonga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni demokratik tarzda ochiq va oshkora oʻtkazish, Prezident saylovi ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida oʻtkazilishi, unga kiritilgan soʻnggi oʻzgartish va qoʻshimchalarning mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng targʻib qilish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston milliy saylov qonunchiligi zamon talablari asosida rivojlanishining bosqichlari va uning oʻziga xos jihatlari, saylov jarayonlarida inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida xalqaro saylov standartlari tatbiq etilganligi haqida tushuntirish berildi.

Qolaversa, aholining elektoral madaniyatini oshirishda targʻibotning zamonaviy usullari va shakllaridan unumli foydalanish, ayniqsa, ushbu jarayonda yoshlarning faolligini taʼminlash borasida amaliy chora-tadbirlarni koʻrish zarur ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, joriy yilda boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy tadbirda yoshlarning ishtirokini taʼminlash boʻyicha Yoshlar ishlari agentligi tomonidan keng koʻlamli targʻibot ishlari va turli aksiyalarni oʻtkazish rejalashtirilganligi, Qonunchilik muammolari instituti bilan hamkorlikda yoshlarning elektoral madaniyatini oshirish boʻyicha hamkorlikda oʻtkazilayotgan loyihalar taqdimoti yuzasidan maʼlumot berildi.

Anjuman davomida milliy va xorijiy maʼruzachilar tomonidan yoshlarning siyosiy-huquqiy savodxonligini oshirish masalasiga eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.