Zero, jamiyatdagi siyosiy-ijtimoiy faollik demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, ochiqlik, oshkoralikni taʼminlash va barqaror rivojlanishga erishishning asosidir. Shu bois, taraqqiyotning yuksak choʻqqilarini koʻzlagan har bir davlat ertangi kun egalarining bu jarayondagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, intilishlarini roʻyobga chiqarish, faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratadi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda taraqqiyot va yuksalishga erishishda navqiron avlod salohiyatidan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2016-yil 14-sentyabrda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Ushbu qonun yillar davomida mavhum boʻlib kelgan huquqiy tushunchalarga aniqlik kiritish bilan birga yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga koʻtarishda muhim omil boʻldi.

Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida ham yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq qator vazifalar belgilangan va ular izchil hayotga tatbiq etilyapti. Shu kunlarda mamlakatimizda kechayotgan muhim siyosiy jarayon – muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ham aholi, xususan, yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash diqqat-eʼtiborda.

Saylov davlat hokimiyati organlarining davriylik prinsipiga binoan almashib turishiga, ularni xalq va jamiyat oldida hisobdorlik asosida ishlash tartib-taomillariga rioya qilishga muttasil undab turadigan yagona mexanizmdir. Gap ana shu mexanizmdan, imkoniyatdan samarali foydalanishda.

Bu saylovchilarning huquqiy ongi, bilim va madaniyatining nechogʻli yuksakligiga, yoshlarda xalq va vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusi barqarorligiga ham bogʻliq. Chunki ovoz berish fuqarolik ishtirokining fundamental aktlaridan boʻlib, uning vositasida yoshlar demokratiyaga oʻz hissasini qoʻshadi. Shu bois, saylov yoshlarga oʻz ovozini, pozitsiyasini eshittirishga imkon beradi, jamiyatdagi muammolarni yechish uchun eʼtibor qaratish omili boʻladi. Bunday vazifalarning bir qancha strategik yoʻnalishlari va metodlari boʻlib, ular ichida saylov qonunchiligi targʻiboti va yoshlar vakillari oʻrtasidagi oʻtkaziladigan ochiq muloqotlar alohida ajralib turadi. Aynan shunday uslublarning keng qoʻllanilishi yoshlarda, avvalo, faol fuqarolik pozitsiyani shakllantiradi va konstitutsiyaviy huquqini anglab yetishiga zamin boʻladi.

Umuman olganda, xalqaro tajribada saylov nafaqat turli boʻgʻinlarda yoshlarning faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarga boy tarzda tashkil qilinadi, balki ularning huquqiy asoslari yaratilishiga ham keng ahamiyat qaratiladi. Saylovga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida oʻtkazish uchun saylov jarayoni ishtirokchilarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari boʻyicha bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirishga yangicha yondashiladi. Saylov huquqi, saylovni yuqori saviyada oʻtkazish jarayoni va uning oʻziga xos xususiyatlari, saylov jarayonida koʻngillilar bilan ishlashning huquqiy asoslari va zamonaviy uslublari, saylovda yoshlarning ishtiroki va uni samarali tashkil etish tizimi kabi mavzularda oʻtkaziladigan tadbirlar ularning ijtimoiy-siyosiy faolligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Oʻzbekistonda keyingi yillarda fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanmoqda. Aholi, ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy faolligi oʻsib, ongu tafakkuri yuksalmoqda. Demokratik islohotlarga daxldorlik hissi kuchayib, fuqarolik pozitsiyasi qaror topayotgan bir sharoitda volontyorlik institutini rivojlantirish va ushbu faoliyatga yoshlarni yanada kengroq jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Zero, fuqarolik jamiyatining oʻziga xos va muhim tarkibiy qismi, uning rivojlanganlik koʻrsatkichi boʻlib xizmat qiladigan ushbu institut yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytiribgina qolmay, ijtimoiy-siyosiy ishlar, tadbirlar oʻtkazish bilan bogʻliq muhim koʻnikmalarni ham hosil qiladi. Bu isbotini topgan haqiqat. Xalqaro tajribada yoshlar tashkilotlari koʻplab siyosiy tadbirlarga jalb qilinadi va ularning bilim va koʻnikmalaridan, innovatsion gʻoyalaridan siyosiy, ijtimoiy tadbirlar yoʻlida keng foydalaniladi. Mamlakatimizda ham xorijiy davlatlardagi kabi volontyorlik institutidan turli milliy va xalqaro tadbirlarni oʻtkazishda keng foydalanilayotganini alohida eʼtirof etish joiz.

Bugun insoniyat oʻz taraqqiyotining butunlay yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Chunki hamma erkin, farovon va toʻkis demokratik mamlakatda yashashni orzu qiladi. Lekin faqat orzuning oʻzi yetarli emas. Maqsadga erishish, farovon va erkin hayotni qoʻlga kiritish uchun faol harakat qilish, oʻqish, oʻrganish, intilish, eng muhimi, oʻz kelajagiga befarq boʻlmaslik kerakligi yoshlarning ongu shuuriga chuqur oʻrnashgandagina davlat va jamiyat taraqqiyoti amalga oshadi.

Buning uchun esa yoshlar doimiy ravishda zaruriy huquqiy-siyosiy bilimlar bilan qurollanishi, jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi muhim. Shundagina mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi keng qamrovli islohotlarning samarasi va taʼsirchanligi yanada oshadi. Bilimli, faol, tashabbuskor yoshlar esa ushbu islohotlar bardavom boʻlishida va taraqqiyotning yuksak bosqichlariga erishishda yetakchi harakatlantiruvchi kuchga aylanadi.

Islomiddin ABROROV,

siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori