Qaror bilan Tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar, shuningdek, mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslar (qarz oluvchilar) kredit olish uchun “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki yoki aksiyadorlik-tijorat Xalq bankiga elektron ariza bilan murojaat qiladi.
Bank ariza kelib tushgan kunning keyingi kunidan kechikmasdan kredit olish boʻyicha eng qulay filiali yoki bank xizmatlari markaziga murojaat qilish yuzasidan qarz oluvchiga taklif joʻnatadi.
Shunga koʻra, bank tomonidan sertifikat olgan:
▪️ tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, xususan, yoshlar va xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil qilish uchun 33 mln soʻmgacha boʻlgan miqdorda;
▪️ mikrofirma va kichik korxona tashkil etgan shaxslarga 225 mln soʻmgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.
Kredit bir qarz oluvchiga bir marotaba ajratiladi.
Mikrokreditlar:
ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;
alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
savdo-vositachilikni amalga oshirish;
ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni sotib olish uchun ajratilmaydi.
Mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan, yoshlarning biznes loyihalariga esa 7 yilgacha muddatga, 3 yilgacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.
Qarz oluvchi – yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ularning talabiga binoan jami kredit summasining 50 foizidan oshmagan miqdorda naqd pulda ajratiladi.
Har oyning 5 sanasiga qadar qarz oluvchilar, ularning qarzdan foydalanish yoʻnalishlari va natijadorligi toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotlar Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga taqdim etib boriladi.
Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan nizomga koʻra nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan yoshlar va ayollarni kasb-hunarga hamda tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha kasblar roʻyxati (54 ta) belgilandi.